Tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan maskan xorijiy parlamentariylar e’tirofida
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Mustaqil O‘zbekiston — 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda. Mazkur konferensiya doirasida Islom sivilizatsiyasi markazida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li va erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan fotoekspozitsiya tashkil etildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Qirg‘iziston parlamentlari a’zolari ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlarga O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan davr tarixi, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, buyuk allomalar merosi, milliy madaniy boyliklar hamda mamlakatning ilmiy-ma’rifiy salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik strategik megaloyiha hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat me’moriy jihatdan noyob inshoot, balki Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lovchi ramziy ko‘prik sifatida yuksak baholanmoqda. Mazkur markaz yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos platformasi sifatida ilm-fan salohiyati, boy madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazining zallari, unda aks etgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdi. Markaz dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani aytib o‘tildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi — zamonaviy texnologiyalar va tarix uyg‘unlashgan maskan. Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davri allomalari, buyuk ajdodlarimizning boy merosi bilan birga, Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shonli tarixi, shu davr mobaynida bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘li, ayniqsa, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning jamiyat hayotidagi amaliy natijalari keng jamoatchilikka yorqin va ta’sirchan tarzda namoyish etilgan.
Shuningdek, yangi shaharsozlik loyihalari, zamonaviy turar joylar, ta’lim va sport ob’ektlari, ishlab chiqarish korxonalari, mamlakatdagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etilgan.
Ekspozitsiyalarda mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va tashqi aloqalarining kengayib borayotgani, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar o‘z ifodasini topgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab ekskursiya davomida xorijlik mehmonlar, parlamentariylar boy tariximiz, yurtimizning islom olamidagi o‘rni hamda O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot yo‘llari va erishgan natijalarini alohida e’tirof etdi.
Osman MESTEN,
Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, “Turkiya-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi hamraisi:
— O‘zbekiston mustaqillik yillarida katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatni sifat jihatidan yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi.
Bugun bu o‘zgarishlarni turizm va tarixiy merosni asrashdan tortib, texnologiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalarda ham yaqqol ko‘rish mumkin. O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini dunyoga keng namoyish etish borasidagi ishlar ham alohida e’tirofga loyiq.
Men mamnuniyat bilan shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston ochiqlik sari yurishi natijasida nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari yoki Yaqin Sharq, balki Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya — umuman, dunyoning har bir tinchliksevar davlatlari bilan juda pragmatik, tinchliksevar siyosat yurityapti. Buni biz yangilangan Konstitutsiyada ham ko‘rishimiz mumkin.
So‘nggi o‘n yil Turkiya — O‘zbekiston munosabatlarida ham yangi davrni boshlab berdi. Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va samimiy do‘stlik parlamentlararo hamkorlik rivojiga ham kuchli turtki bermoqda.
O‘zbekiston turk dunyosi va islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biriga aylanib ulgurgan. Bugun qardosh O‘zbekiston buyuk tarixiy merosiga tayangan holda, keng ko‘lamli islohotlar orqali o‘zining yangi taraqqiyot tarixini yaratmoqda.
Nodir Jumayev,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi:
— Islom sivilizatsiyasi markazida yangi O‘zbekistonda inson qadri va aholi farovonligiga qaratilgan iqtisodiy-ijtimoiy siyosat natijasida amalga oshirilgan ulkan islohotlarning fotoko‘rgazmasi namoyish etilmoqda. Buni bevosita “Yangi O‘zbekiston solnomasi” deb atay olamiz.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi o‘n yillik davomida yangi O‘zbekistonda sanoat sohasida, qishloq xo‘jaligi, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport — barcha sohalardagi ulkan islohotlar negizida aynan demokratik davlat yaratish, parlamentarizmni yangi bosqichga olib chiqish va qonun ustuvorligini ta’minlash siyosati yotibdi.
Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va boshqa ko‘plab davlatlardan kelgan mehmonlar yangi O‘zbekistondagi islohotlarning aynan solnomasini o‘z ko‘zlari bilan raqamli platformalar orqali, qadimiy ekspozitsiyalar orqali ko‘rib, e’tirof etishmoqda.
Muhtarama Komilova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA