Bu binoda 1917-1918-yillar sho‘rolar hukumati xarbiy qo‘mondonligi joylashgan. Ma’lum muddat uni Leninning safdoshi Mixail Frunze boshqargan. Shu joyda minglab yurtdoshlarimizni hibsga olish, surgun-quloq qilish, qatl etish kabi qirg‘inbarot qarorlar qabul qilingan. Bugun u O‘zbekistonning yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri – Farg‘ona Davlat Universitetining binolaridan biridir. Tarix va zamon uyg‘unligi g‘oyasi asosida universitetda qatag‘on qurbonlari muzeyi tashkil etildi. Ma’rifatparvar Ashurali Zohiriy, jadid bobolarimiz Ibrat, Saidnosir Mirjalilov, Obidjon Mahmudov, So‘fizoda, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati aks etgan ko‘rgazmalar yoshlarga o‘tmishdan hikoya qilib turibdi.
–Jadid bobolarimizning ilmiy, amaliy, ta’lim-tarbiya, davlat boshqaruvi haqidagi fikrlarini o‘rganish muhim vazifalardan hisoblanadi, – deydi muzey rahbari Sobirjon Siddiqov. – Milliy ozodlik harakatining yetakchilari bo‘lgan jadidlar hayotini aks ettirgan maxsus eksponatlar, stendlar joriy qilindi. Hozirgi kunda turkiy tilli xalqlar tomonidan juda katta ishlar olib borilyapti. O‘zbekistondagi olimlar tomonidan jadidchilar faoliyatini o‘rganish, ular to‘g‘risida ilmiy ommabop kinofilmlar yaratish va yoshlarga yetkazish borasida katta ishlar qilinyapti. O‘ylanmanki, jadidchi bobolar faoliyati hayotda o‘z o‘rnini topadi. Yaqin kunlarda har bir jadidchi bobomiz g‘oyalari, faoliyati haqidagi ma’lumot elektron manbalarini yaratish ustida ish olib boryapmiz.
Jadidchilik harakatining yirik namoyondalaridan biri noshir va jamoat arbobi Obidjon Mahmudovdir. U asli Marg‘ilonda tug‘ilsada, ulg‘aygach Kaspiy dengizi qirg‘oqlarida neft konlari ochilishida ishtirok etadi. Keyinroq Farg‘ona vodiysidagi neft konlari ochilishida ham Obidjon Mahmudov tashkilotchilik qildi va shu tufayli boyidi. Lekin u topgan davlatini ilm, ma’rifatga sarfladi. 1914 yilda chiqa boshlagan “Sadoi Farg‘ona” va “Ferganskoye exo” gazetalari muassisi edi. Obidjon Mahmudov faoliyati aks etgan ko‘rgazmalar tarixiy hujjatlarda aks ettirilgan.
Farg‘ona Davlat Universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi nafaqat talabalar, balki sayyohlar uchun ham xizmat ko‘rsatmoqda.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/VMxQ1xY31YY" title="TARIX HUJJATLARDA AKS ETADI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov