Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 martdagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra yurtimizdagi umumta’lim maktablarida Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etildi.
Targ‘ibotchilar asosan ijodiy qobiliyatga ega bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash va saralash bilan shug‘ullanadi. O‘quvchilarning ijodiy ishlari bilan muntazam tanishib borib, ularga ijodiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Buning uchun ijodiy to‘garaklar tashkil etib, reja asosida mahorat saboqlarini olib boradi.
Targ‘ibotchilar ish boshlaganiga ham bir yilga yaqinlashib qolibdi. Xo‘sh, ular ish faoliyatlarini qanday olib bormoqda? Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashda o‘ziga xos bilim va tajribalarni qo‘llashyaptimi?

Ushbu savolimizga Yuqori Chirchiq tumanidagi targ‘ibotchilar tomonidan olib borilayotgan ishlar misolida javob izlashga harakat qildik.
Tumanning xalq ta’limi tasarrufidagi 10-maktabda umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
– Targ‘ibotchilik aslida o‘qituvchilikdek ham mashaqqatli va mas’uliyatli kasb, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yuqori Chirchiq tumani bo‘limi rahbari Dilnoza Nazirova. – Sababi o‘qituvchi yillar davomida bitta sinfdagi 30 nafar o‘quvchi bilan ishlasa, targ‘ibotchi turli sinflardan yig‘ilgan turli xarakterga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlaydi. Uning vazifasiga tarbiyasi og‘ishgan o‘quvchilar bilan ham ishlash kiradi. Demak, u o‘quvchilarga ham bilim, ham tarbiya beradi.
Seminar ishtirokchilari 3-sonli umumta’lim maktabi targ‘ibotchisi Saida Ahmedovaning ijodiy ishlari bilan ham qiziqishdi.
– Ochig‘ini aytsam, bu ishga kirishish boshida unchalik oson bo‘lmadi, – deydi Saida Ahmedova. – Sababi ijodkor o‘quvchilarning o‘zlari ham vaqtinchalik holat bo‘lsa kerak, deb unchalik e’tibor berishmadi. Ularning she’r va hikoyalarini matbuotda e’lon qildirganimdan so‘ng o‘zgacha qiziqish paydo bo‘ldi. Hozir shogirdlarim orasida jurnalistikaga qiziqadiganlari ham ko‘paygan. Maktabimizda o‘tkazilayotgan tadbirlarning ko‘pini yoritishni ular zimmasiga yukladim. Shu zaylda tajribalari oshib, ba’zilari xabar qanday yoziladi, maqolaga mavzu qanday tanlanishini bilib olishdi.

Shuningdek, O‘zR Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi, dotsent 6-maktab targ‘ibotchisi Sherali Qo‘ldoshev ham o‘z ma’ruzalarida yoshlar bilan ishlashda eng muhimi bilim va mahoratni uyg‘un xolda olib borish zarurligini aytib o‘tdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA