Targ‘ibot – OIV xastaligining oldini olishda eng samarali yo‘l
Yurtimizda OIV infeksiyasi xastaligining yuqishi va tarqalishining oldini olish borasida olib borilayotgan samarali ishlar natijasida keyingi yillarda ushbu xastalik bilan kasallanish holatlari birmuncha pasaydi. Biroq oz bo‘lsa-da, yangi-yangi kasallanish holatlarining qayd etilayotgani mazkur yo‘nalishdagi ishlar, ayniqsa, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Andijon viloyati OITSga qarshi kurash markazi tomonidan hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ana shu xususida so‘z yuritildi.
Tadbir avvalida Andijon viloyati OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori o‘rinbosari A.Mamadaliyev viloyatdagi OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat hamda o‘tgan davr mobaynida kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.
[gallery-23126]
Viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokor va mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlar faolligida olib boriladigan tizimli targ‘ibot tadbirlari konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda OIV infeksiyasi va qo‘shimcha kasalliklar tarqalishining oldini olish, epidemiyaga qarshi, diagnostika tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek, aholi, xususan, chet davlatlarida ishlab qaytgan fuqarolarni OIV infeksiyasi tekshiruvlariga jalb etish, xastalikka chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni dispanser ko‘rigidan o‘tkazish, dori vositalari bilan ta’minlash, hamkor tashkilotlarga uslubiy yordamlar ko‘rsatish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari, mahalla va masjidlarda kasallikning yuqishi hamda tarqalishining oldini olish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish bo‘yicha turli tadbirlar o‘tkazilgan.
Davra suhbatida targ‘ibot OIV xastaligining oldini olishda eng samarali yo‘l ekanligi ta’kidlanib, ishtirokchilar tomonidan xastalik yuqishining oldini olish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari