Taraqqiyot, Renessans bunyodkori
Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur tavallud sanasining 685 yilligi bu yil yanada ko‘tarinki ruhda, bayramona tarzda nishonlanmoqda.
Poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboni 9 aprel kuni erta tongdan ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.
Bu yerda Sohibqiron haykali yodgorligiga eltuvchi yo‘lakda o‘z taqdirini yurt kelajagi bilan bog‘lagan harbiy-yoshlar saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati vakillari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilot va muassasalar vakillari, talaba-yoshlar, o‘quvchilar Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasining harbiy orkestri ijrosidagi kuylar tadbirga yanada tantanavor ruh bag‘ishladi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar istiqlol yillarida barpo etilgan ma’rifat va ma’naviyat koshonasi – Temuriylar tarixi davlat muzeyiga taklif etildi. O‘quvchi-yoshlar uchun bu maskanda kun davomida ekskursiya, ochiq darslar tashkil etilgan bo‘lsa, olimlar ishtirokidagi onlayn konferensiya Temur va temuriylar tarixiga qiziquvchi barcha hamyurtlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan konferensiya " Sohibqiron Amir Temur – temuriylar renessansi bunyodkori" mavzuiga bag‘ishlandi.
[gallery-1970]
Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori,tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov, Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo mamlakatimizda yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yilgani,jamiyat hayotida tub ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ayni paytda milliy tariximizni o‘rganish uchun ham yanada yangi va keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Davlatchilik, harbiy mahorat bobida ulkan an’analar yaratgan Sohibqiron Amir Temur hamon dunyo e’tiborida ekani diqqatga sazovor. Xavfsizlik, adolat, taraqqiyotni ustuvor bilgan Amir Temur bashariyat tarixining ajralmas qismidir.
Mazkur konferensiyaning mavzusida ham katta hikmat bor. Zero, ma’naviy yangilanish, Renessans masalasi mamlakatimiz uchun strategik masala, O‘zbekiston milliy g‘oyasining muhim jihatidir.
– Amir Temurning tarix sahnasiga kelishi Markaziy Osiy xalqlari uchun ham g‘oyat muhim va katta ahamiyat kasb etdi, – dedi Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Holid Elmiy. – Uning nomi yetti iqlimga ketgan, janglarda biror marta xam yengilmagan jahongir sifatida tarixning oltin sahifalaridan joy olgan. Temur mo‘g‘ul istilosiga barham bergan, yagona davlat tuzgan jahongir shaxsdir. U Uyg‘onish davriga turtki berdi.Bu insoniy munosabatlar,adabiyot, shaharsozlik, me’morchilik , san’at, madaniyat rivojida beqiyos o‘rin tutadi.
– Amir Temur buyuk davlat arbobi,Markaziy Osiyo xalqlarning faxru iftixoridir, – dedi YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Yan Xladik. – Temur va temuriylar davri bilan bog‘liq me’moriy obidalar YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatidan joy olgan. Temuriylar davriga oid qimmatbaho manbalar Ispaniya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar muzeylarida saqlanishi Amir Temurga jahon miqyosdagi qiziqishdan darak beradi.
Anjumanda Temur va temuriylar davri Renesansi , Sohibqiron bobomizning hayot yo‘li, faoliyati, bashariyat sivilizatsiyasidagi o‘rni xususida batafsil so‘z yuritildi.
Shu kuni muzeyda "Mustaqillik yillarida Amir Temur va Temuriylar davri tarixiga oid nashr etilgan kitoblar", "Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi" mavzusida ko‘rgazmalar ham tashkil etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA