Taraqqiyot garovi — ilm-fan!
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida Davlatimiz rahbari tomonidan xalq vakillari uchun kerakli bo‘lgan parlament sabog‘ini, kelgusida faoliyatida asqatadigan muhim yo‘nalish va vazifalarni belgilab berdi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ta’kidlash lozimki, xalqning xizmatida bo‘lish, uning og‘irini yengil qilish har bir deputatdan yuksak fidoyilik, ulkan bilim va hayotiy tajriba talab etadi.
Davlatimiz rahbari o‘zining ma’ruzalarida parlament faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, buning uchun deputatlardan juda katta mehnat talab etishini alohida ta’kidladilar. Nazarimizda, ilgari surilgan maqsad va vazifalarni deputatlar o‘zlari uchun dasturilamal hujjat sifatida qabul qilishi hamda faoliyatini yo‘lga qo‘yishlarida o‘z ustida qattiq ishlashlab, samarali foydalanishlari lozim.
Yig‘ilishda ilm-fanga e’tibor, bu boradagi raqamlar, sohalarda ilmga asoslanish, parlamentda har uch nafar deputatdan biri ilmiy darajaga egaligi siyosatning natijasi sifatida ko‘rsatilib, endi qonunlar yanada sifatli va ilmiy asoslangan bo‘lishi kerakligi haqida qayd etilgani alohida e’tiborga loyiqdir.
Mamnuniyat bilan aytishimiz lozimki, saylangan deputatlarimizning 35 foizini ilmiy darajaga ega bo‘lgan xalq vakillari tashkil qilyapti. Bu ko‘rsatkich, ilgari parlament tajribasida uchramagan o‘ziga xoslik, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. O‘ylaymizki, mazkur ilmiy salohiyat yangi shakllangan parlamentimizning yaqin besh yillik faoliyatida xalqchil, mukammal, sifatli va eng asosiysi, aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi qonunlar qabul qilishda xizmat qiladi. Davlat rahbari quyidagi so‘zlariga to‘xtalmasak bo‘lmas, ya’ni “Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!”.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fanga e’tibor yanada yuksaldi. Ya’ni fan taraqqiyoti o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Davlat rahbari esa doimiy ravishda ilm-fan vakillari bilan uchrashib, ma’ruzalarida e’tiborni aynan ilm-fanni zamonaviy, xalqaro tajribalarga tayangan holda olib borish lozimligiga e’tiborini qaratmoqda.
Tan olib aytish lozimki, so‘nggi yillarda maktablarimiz, oliy ta’lim muassasalarimiz, ilmiy tadqiqot markazlarimiz o‘zgacha qiyofa va yangilanish ruhida faoliyat olib bormoqda. E’tiborli jihati, ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi va pedagoglarimizning oylik ish haqlari bir necha bor oshdi. “El – yurt umidi” jamg‘armasi orqali ko‘plab iqtidorli yoshlarimizning eng nufuzli xorijiy oliygohlarda ta’lim olayotganliklari, xotin-qizlarimizning magistraturada o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilayotgani kabi yuzlab imtiyoz va shart-sharoitlarni qayd etish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, deputatlarimiz xalqimiz, Davlat rahbari tomonidan yuklatilgan ulkan mas’uliyatni his qilgan holda oldilarida turgan aniq maqsadli vazifalarni sharaf bilan bajarishga bor mehnatlari, aql zakovatlarini ayamasligiga ishonchimiz komil.
Sherzod Zulfiqorov,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori