Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi nemislar
G‘arb dunyosining Markaziy Osiyoga, xususan, uning tarixi va buyuk shaxslariga qiziqishi bir necha asrlik tarixga ega.
Bu qiziqishning madaniy in’ikolaridan biri XVIII asrga borib taqaladi. Mashhur nemis bastakori Georg Fridrix Gendel 1724-yilda Londonda Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan “Temur” operasini sahnalashtirdi. Bu hodisa G‘arb olamining Sohibqiron shaxsiyatiga va o‘lka tarixiga bo‘lgan dastlabki badiiy qiziqishining yorqin ifodasi edi.
Oradan bir asrdan ziyod vaqt o‘tib, bu badiiy qiziqish ilmiy tus ola boshladi. XIX asrning 20-yillarida tabiatshunos olim Eduard Eversmann Buxoroga sayohat qilib, o‘z taassurotlari asosida “Orenburgdan Buxoroga sayohat” (1823) nomli kitobini yaratdi. Ushbu asar o‘lka tarixi va etnografiyasi bo‘yicha dastlabki va qimmatli manbalardan biriga aylandi. Keyinroq, sayyoh Maks Albrext va etnolog Bastian kabi nemis tadqiqotchilari ham bu zaminga kelib, uning tarixi, madaniyati va tabiati haqida ma’lumotlar to‘pladi. Bastian Toshkentda unga sovg‘a qilingan qadimiy ko‘zachalarni Berlin muzeyiga topshirib, o‘zbek diyorining moddiy madaniyati namunalarini Yevropaga tanitdi.
O‘zbekiston hududida nemis aholisining keng ko‘lamda shakllanishi bevosita XIX asrning ikkinchi yarmidagi tarixiy-siyosiy jarayonlar bilan bog‘liq. Rossiya imperiyasi o‘lkani bosib olgach, bu yerga nemislar ikki asosiy oqimda ko‘chib kela boshladi. Birinchi guruh – imperiyaning harbiy va ma’muriy vakillari edi. Ular orasida hatto Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman kabi shaxslarning bo‘lgani, nemis zobit va amaldorlarining o‘sha davrdagi yuqori ijtimoiy mavqeidan dalolat beradi. 1884-yilda Toshkentdagi lyuteranlar jamoasi a’zolarining 73 nafari generallar, shtab-zobitlar va amaldorlar ekani buning yaqqol tasdig‘idir.
Ikkinchi nisbatan yirikroq guruh esa imperiya hukumatining aholini ko‘chirish siyosati doirasida Volgabo‘yi va Rossiyaning boshqa markaziy hududlaridan ko‘chib kelgan dehqonlar, hunarmandlar va savdogarlardan iborat edi. Ular Toshkent va Sirdaryo atrofidagi unumdor yerlarda o‘nlab qishloqlarga asos soldi. Ayniqsa, mennonitlar jamoasi Xiva xonligi hududidagi Oqmasjid manzilida o‘zlarining ulkan jamoasini tashkil etdi.
Ko‘chib kelgan nemislar mahalliy aholi uchun yangi bo‘lgan xo‘jalik yuritish usullarini ham olib kirdi. Ular dehqonchilikning ilg‘or usullarini qo‘llab, mahalliy qoramol zotlarini yaxshiladi va o‘zining chidamliligi bilan dovrug‘ qozongan mashhur “avliyoota” zotli yuk otlari naslini yaratdi. Nemis ustalari tomonidan qurilgan bug‘ va shamol tegirmonlari, ular ishlab chiqargan pishloq, sariyog‘ va qo‘lbosdi (kolbasa) mahsulotlari tezda mashhur bo‘lib ketdi. Ularning qishloqlari ham o‘ziga xos me’moriy uslubga ega edi: keng va yashil ko‘chaning ikki tarafida barcha yashash va xo‘jalik binolari yagona, bahaybat tom ostiga birlashtirilgan “saksoniya uylari” qad rostlagan edi.
XX asr boshidagi Birinchi jahon urushi va undan keyingi inqilobiy o‘zgarishlar o‘lkadagi nemislar hayotiga ham keskin ta’sir ko‘rsatdi. Urush yillarida Turkistonga 148 mingga yaqin nemis va avstro-venger harbiy asirlari keltirildi. Garchi ularning aksariyati vaqt o‘tib vatanlariga qaytgan bo‘lsa-da, bir qismi shu yerda qolib, mahalliy hayotga singib ketdi. 20-yillardagi Volgabo‘yidagi ocharchilik esa mintaqaga yangi qochqinlar oqimini olib keldi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida nemis aholisi uchun milliy maktablar, klublar va hatto kolxozlar tashkil etilib, ularning madaniyatini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilindi.
Biroq, 30-yillarning o‘rtalaridan boshlangan qatag‘onlar va Ikkinchi jahon urushining boshlanishi nemis xalqi uchun misli ko‘rilmagan fojialarga olib keldi. 1941-yilda Volgabo‘yi nemislarining muxtor respublikasi tugatilib, yuz minglab odamlar o‘z uy-joylaridan ko‘chirildi va O‘zbekiston, Qozog‘iston va Sibirga surgun qilindi. Ular “mehnat armiyasi” deb atalgan dahshatli tizimga jalb qilinib, eng og‘ir sanoat va qurilish ishlarida ishlatildi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da qayd etilishicha, urushdan keyin ham ularning ahvoli yaxshilanmadi – 1948 va 1952-yillarda Ural, Tojikiston kabi hududlardan yana bir necha eshelon nemislar Mirzacho‘lni o‘zlashtirish va sanoat ob’ektlarini qurish uchun O‘zbekistonga ko‘chirildi.
Shunday og‘ir sinovlarga qaramay, nemis xalqi o‘zining mehnatkashligi, intizomi va iste’dodi bilan O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shdi. Tarixchi Nella Knauerning yozishicha, Iosif Stalinning o‘limidan so‘ng, 1956-yilda huquqiy cheklovlar va 1972-yilda yashash joyini tanlashdagi chekovlar olib tashlangach, ularning hayoti asta-sekin izga tusha boshladi. Qiziqarli jihati, aynan shu davrda O‘zbekistondagi nemislar orasida tug‘ilish keskin oshib, 1959-yildan 1970-yilgacha ularning soni ikki barobarga ko‘paydi.
Nemis mutaxassislarining ilm-fan, madaniyat va ishlab chiqarishga qo‘shgan hissasi ulkan. Musiqashunos Avgust Eyxgorn o‘zbek va boshqa Markaziy Osiyo xalqlari musiqasini notaga solish bilan shug‘ullandi. Olimlar Lev Berg – Orol dengizini, Rixard Shreder va Boris Mauer esa O‘zbekistonning o‘simliklar dunyosini tadqiq qilib, zamonaviy botanika va bog‘dorchilik faniga asos soldi. Me’morlar Vilgelm Geynselman va Mixail Mauer loyihalari asosida qurilgan binolar bugun ham Toshkent qiyofasiga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Shifokorlar, muhandislar, o‘qituvchilar, irrigatorlar – turli sohalarda mehnat qilgan yuzlab nemislar mamlakat rivojiga o‘zlarining munosib ulushini qo‘shdi.
XX asrning 80-yillari oxiridan boshlangan nemislarning o‘z tarixiy vatanlariga ko‘chib ketish jarayoni mustaqillik yillarida kuchaydi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi nemislar soni tarixiy davrlarga nisbatan ancha kam. Shunga qaramay, ularning bir yarim asrdan ziyod davom etgan murakkab, ayni paytda bunyodkorlik va fidoyilikka to‘la tarixi O‘zbekistonning ko‘p millatli o‘tmishining ajralmas va yorqin sahifasi bo‘lib qoladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi.
O‘zA