🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi mordvalar

Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi mordvalar
Madaniyat
Tanlaş
10:02 / 23.02.2026

Tarix sahifalarini varaqlar ekanmiz, O‘zbekiston zamini nafaqat buyuk sivilizatsiyalar beshigi, balki turli taqdirlar tutashgan makon bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Mamlakatimiz tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, ammo keng jamoatchilikka kam ma’lum etnoslardan biri – mordva xalqidir.

Qadimiy yozma manbalarda milodning birinchi ming yilligi o‘rtalaridan boshlab tilga olingan ushbu xalqning o‘ziga xos jihati mavjud. Ular uchun umumiy “mordva” nomi qo‘shni xalqlar tomonidan berilgan bo‘lib, aslida ular ikki yirik etnografik guruh – erzya va mokshalarga bo‘linadi. Ularning tillari fin-ugor oilasiga mansub bo‘lsa-da, asrlar davomida turli madaniyatlar ta’sirida shakllangan.

“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, mordva vakillarining O‘rta Osiyo hududiga ilk ommaviy kirib kelishi XIX asr oxiri va XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. O‘sha davrda Rossiya imperiyasining markaziy guberniyalarida, xususan, Mordoviya hududida iqtisodiy qoloqlik va agrar muammolar avj olgan edi. Tirikchilik manbaini qidirgan minglab insonlar Turkiston o‘lkasiga yo‘l oldilar. Ular asosan Janubiy Qozog‘iston, Mirzacho‘l va Farg‘ona vodiysi kabi dehqonchilik rivojlangan hududlarga joylashdilar. Shaharlarda esa ularning salmog‘i nisbatan kamroq edi. Bu jarayon shunchaki aholi ko‘chishi emas, balki mehnat resurslarining tabiiy taqsimoti edi.

Turkiston iqlimi va mahalliy aholi turmush tarziga moksha guruhi vakillari tezroq moslashgan. Buning tarixiy va lingvistik asoslari bor. Moksha tilida yuzlab turkiy so‘zlar mavjud bo‘lib, ularning madaniyatida janubiy tatar an’analarining ta’siri kuchli edi. Bu omil ularning mahalliy aholi bilan tez til topishishiga va yangi muhitga qo‘shilib ketishiga xizmat qildi. Til – bu shunchaki muloqot vositasi emas, balki xalqlarni yaqinlashtiruvchi ko‘prik ekanini ushbu tarixiy dalil yana bir bor tasdiqlaydi.

O‘zbekiston hududidagi yirik qurilish loyihalari mordvalarni o‘ziga jalb qilgan muhim omil bo‘ldi. Farg‘ona temir yo‘li qurilishi (1900–1917-yillar) bunga yaqqol misoldir. Og‘ir jismoniy mehnat talab qiladigan bunday inshootlarda mordva yigitlari asosan yer qazuvchi va quruvchi sifatida ishladilar. Ba’zan butun boshli oilalar temir yo‘l va fuqarolik binolarini tiklash uchun yollanardi. Ko‘chib keluvchilar orasida yosh yigitlarning ko‘pligi, ularning yangi o‘lkada o‘z kelajagini qurishga bo‘lgan intilishidan dalolat beradi. 1920-yilga kelib birgina Toshkent shahrida yuzdan ortiq mordva vakillari istiqomat qilgani qayd etilgan.

Sovet hokimiyatining ilk yillarida Volgabo‘yi hududlarini qamrab olgan dahshatli ochlik aholi oqimining ikkinchi to‘lqinini yuzaga keltirdi. O‘sha og‘ir pallada O‘zbekiston ko‘plab millatlar qatori mordva xalqi uchun ham najot qo‘rg‘oniga aylandi. Raqamlarga murojaat qilsak, 1926-yilda respublikamizda 1805 nafar mordva yashagan bo‘lsa, 1979-yilga kelib bu ko‘rsatkich 12 mingdan oshib ketdi. Bu o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va millatlararo totuvlik muhitining natijasi edi. Urushdan keyingi davrda ular asosan shaharlarda tarqoq holda joylashdilar va mahalliy jamiyatning ajralmas qismiga aylandilar.

Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistondan frontga otlangan mordva yigitlari ham chinakam qahramonlik namunasini ko‘rsatdilar. S.Larionov, S.Polejaykin va M.Tumakshin kabi jasur o‘g‘lonlar Qahramon unvoniga sazovor bo‘ldilar. Bu nomlar tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Ularning jasorati xalqimizning umumiy g‘alabaga qo‘shgan hissasi tarkibida alohida e’tirofga loyiqdir. Tinchlik davrida esa mehnat jabhasida fidoiylik ko‘rsatganlar talaygina. 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng shaharni qayta tiklashda Mordoviyadan kelgan quruvchilar faol qatnashdilar. 

Ilm-fan va madaniyat sohasida ham ushbu xalq vakillari salmoqli iz qoldirgan. Toshkentlik temiryo‘lchi oilasida tug‘ilib o‘sgan tarix fanlari doktori P.Kovalev, tarixchi olim K.Yerzin, akademik K.Jitov kabi ziyolilar O‘zbekiston fani rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Toshkent metropolitenini loyihalashda ishtirok etgan muhandis A.Varakinning xizmatlarini ham alohida ta’kidlash joiz. 

O‘tgan asrning 80-yillari oxirida boshlangan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar tufayli mordva aholisining bir qismi o‘z tarixiy vataniga qaytishni boshladi. Biroq O‘zbekiston tarixida ushbu mehnatkash va kamtar xalqning qoldirgan izi o‘chmasdir. Turli millat vakillarining bir zaminda ahil yashashi, mehnat qilishi va yurt ravnaqiga hissa qo‘shishi – O‘zbekistonning asrlar davomida shakllangan bag‘rikenglik an’anasining yorqin isbotidir. Bu tarix bizga birdamlik va hamjihatlik har qanday sinovni yengishda asosiy kuch ekanini yana bir bor eslatadi.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA

Muallif: alisheregamberdiyev