“Taqdirlanganim menga katta mas’uliyat yuklaydi”
Prezidentimizning “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan bir guruh buxorolik tadbirkorlar faoliyati ham e’tirof etildi.
Shulardan biri Anvar Kenjayev o‘z faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. Avvaliga havas ortidan dehqonchilik yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil qilib, o‘z tadbirkorligiga poydevor qo‘ydi. Chetdan urug‘ olib kelish, sara navlarni ko‘paytirish maqsadida faoliyat ko‘lamini bir necha barobarga kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. “Zahro yulduzi” fermer xo‘jaligi mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar natijasida ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirildi.

–20 gektar yerda paxta va g‘alla yetishtirish bilan o‘z faoliyatimni boshlaganman, –deydi Vobkent tumanidagi “Zahro yulduzi” fermer xo‘jaligi rahbari, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Anvar Kenjayev. –Xo‘jaligimizning asosiy rivojlanish davri 2018 yildan keyin boshlandi. Bu davrda men ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini tashkil qilib, 30 dan ortiq zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasini, jumladan, 8 ta unumdor haydov traktori, 5 ta yangi “Keys” kombaynini xarid qildim. 400 gektar ekin yeri hamda 500 dan ortiq naslli qoramolga ega bo‘ldim. Bunda biz tadbirokrlarga yaratib berilgan imkoniyatlar va imtiyozli kreditlar tayanch bo‘ldi. Hozirgi kunda xo‘jaligimizda 200 nafarga yaqin ishchi xodim ishlayapti. Ular o‘rtacha 5 million so‘mdan 10 million so‘mgacha maosh oladi.
Davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida chorva klasterlari tashkil etish, sut yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish maqsadida boshlangan tashabbuslar ham fermer xo‘jaligining faoliyatini yanada kengaytirishga asos bo‘ldi. Anvar Kenjayevning ta’kidlashicha, kelgusi yildan e’tiboran naslli qoramollar soni 1000 taga yetkaziladi.

–2019 yilda fermer xo‘jaligimiz negizida “Buxoro asl elita urug‘ligi” elita urug‘chilik xo‘jaligini tashkil qildim, –deydi Anvar Kenjayev. –Ilgarilari xomashyoni davlat xaridi uchun qat’iy belgilangan narxda sotgan bo‘lsak, hozirgi kunda o‘zimiz yetishtirgan paxtani o‘zimiz qayta ishlab, klasterimizga sifatli urug‘lik g‘alla hamda urug‘lik paxtaning elita urug‘larini yetishtirib berayapmiz. Paxtamizni qayta ishlab, tolasini birja savdolari orqali tekstil korxonalariga o‘zimiz belgilagan narxda sotayapmiz. Bundan yiliga 5 milliard so‘mdan ortiq daromad olayapmiz. Daromadimizning ortishi tufayli o‘zimizni chorvachilik sohasida sinab ko‘rish uchun 2021 yilda 3 milliard so‘mga Avstriya va Germaniya davlatlaridan naslli qoramollar olib keldik. 2023 yilda 5 yarim milliard so‘mga avtomatlashtirilgan sog‘in zali va 500 bosh qoramolga mo‘ljallangan bino uskunalarini Turkiya davlatidan xarid qildik.

Joriy yilda paxtachilik va g‘allachilikda Anvar Kenjayev urug‘chilik dalalarida xorijning eng sifatli va sermahsul navlari ko‘paytirildi. Bunda g‘allachilikda Rossiya, paxtachilikda esa Xitoyning yetakchi olimlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Eng asosiysi, uning bu tashabbuslari bugun davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tirof etildi.
–Albatta, kutmagandim, to‘g‘risi, –deydi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Anvar Kenjayev. –Davlat rahbari tomonidan taqdirlanganim menga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyin ham o‘z mehnatim bilan yurtimning taraqqiyotiga, rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Tadbirkor kim – u yangilikka intiluvchi, atrofdagilar uchun qulay muhit yaratishni maqsad qilgan tashabbuskor. Uning faolligi hech shubhasiz xalqning farvonligi-yu, yurtning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi. Ushbu rag‘bat esa yangi imkoniyatlar sari didil odimlashga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri