Aholi o‘rtasida, ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan, tamaki mahsulotlari tarqatilishining va iste’mol qilinishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, tamaki mahsulotlarining yangi turlarini mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda. Shu munosabat bilan bu borada javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Bu mulohazalar Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida bildirildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva yoshlar, aholi salomatligini – genofondimizni o‘ylab ushbu qonun ishlab chiqilganini ta’kidladi. Bu qonun bilan kelajak avlod, atrof-muhit himoya qilinadi. Sir emaski, hayotimizga turli yangiliklar, ular bilan birga zararli omillar kirib kelmoqda. Ular orasida nafaqat salomatlikka, balki ma’naviyatga tahdid solayotganlari ham bor. Bulardan vaqtida ogoh bo‘lish, o‘sib kelayotgan avlodni himoya qilishimiz kerak. Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, millat genofondini asrash – bugun eng dolzarb vazifa. Elektron sigaretalarning taqiqlanishi “qora bozor”ning paydo bo‘lishiga yo‘l ochishi mumkin. Buning ham chorasini ko‘rish kerak. Targ‘ibot ishlarini, yoshlar, ayniqsa, qizlarimiz orasida elektron sigaretalar zararini tushuntirish juda muhim. Bu jarayonda keng jamoatchilik, OAV faol bo‘lishi zarur.

– Oxirgi to‘rt yilda mamlakatimizga qiymati 28,5 million dollarlik 5,4 million dona elektron sigareta xorijdan import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan keskin ravishda ya’ni 80 baravarga oshgan, – dedi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev. – Nikotinni iste’mol qilish moslamalaridan, shu jumladan, elektron sigaretalardan foydalanuvchi yoshlar salmog‘i (18-29 yoshlilar 32 mingdan ortiq) katta yoshdagilarga (30-69 yoshlilar 7 mingdan ortiq) nisbatan deyarli besh baravar ko‘p. Eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari orasida ushbu mahsulotlarga qiziqish tez sur’atlarda ortmoqda.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan, elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan balki, sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Senatorlar ma’qullagan qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof- muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA