Davlat byudjeti – mamlakat qudrati manbai, xalqning rizqi hisoblanadi.
Qachonki, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar, turli korrupsiyaviy holatlar, qarzlar haqida so‘z ketar ekan, bu davlat byudjetiga putur yetayotganini anglatadi.
Davlat byudjeti shakllanishi va taqsimlanishida esa parlament muhim o‘rin tutadi.
Oliy Majlis Senatining bugungi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva parlament uchun birinchi galdagi muhim masala – bu byudjet masalasi ekanini qayd etdi. Bu sohada talon-torojliklarga chek qo‘yish kerak.
– O‘tgan yilda 2,5 mingdan ziyod byudjet muassasasida 301 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingan, – dedi Senat Raisi. — Narxlarni sun’iy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari aniqlanganligi tashvishli hol. Korrupsiyaga qo‘l urgan mansabdor shaxslar soni ko‘payib borayotgani (2019 yilda 1 ming 339 nafar, 2020 yilda 1 ming 723 nafar) mazkur illatga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Kuni kecha Prezidentimiz rahbarligida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham bu boradagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ayniqsa, qurilish, tibbiyot, maktabgacha ta’lim sohalarida korrupsiya holatlari ko‘paygani ta’kidlandi.
Tahlillarga ko‘ra, qurilish sohasidagi 44 qonun hujjati ekspertizadan o‘tkazilganda, ularning yarmida (23 tasida) 124 ta; sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 qonun hujjatining 19 foizida (13 tasida) 41 ta; Ta’lim sohasidagi 96 qonun hujjatining 18 foizida (17 tasida) 81 korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
T.Norboyeva shulardan kelib chiqib, prokuratura mazkur yo‘nalishdagi ishlarda ta’sirchan va qat’iy choralar qo‘llashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga aniq takliflar kiritishi zarurligini ta’kidladi.
Majlisda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida joylardagi mutasaddilar mas’uliyatni to‘la his qilmayotgani tanqid qilindi. Zero, mazkur sub’ektlar davlat byudjetini ko‘paytirishda, xalq farovonligini oshirishda hal qiluvchi bo‘g‘indir.
Xususan, 5 ming 200 dan ziyod tadbirkor huquqlari buzilgan. Tadbirkorlar manfaatlariga zid keluvchi 350 dan ziyod noqonuniy hujjat chiqarilgan. 24 mingga yaqin tadbirkorning turli yo‘nalishlardagi (kredit, yer, bino, kommunikatsiya, litsenziya) muammolari faqatgina prokuratura organlarining aralashuvidan keyin hal qilingan.
Qishloq xo‘jaligida yerdan samarali foydalanishga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligi oqibatida 10 ming gektardan ziyod yer o‘zboshimchalik bilan egallangan. Qariyb 14 ming gektar yerdan maqsadsiz foydalanilgan.
78 ming gektardan ziyod yer qonunga xilof tarzda ajratilgan. Minglab tonna urug‘lik, mineral o‘g‘it, neft mahsulotlari va boshqa resurslar noqonuniy egallangan.
2019 yilda irrigatsiya, melioratsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan bo‘lsa, o‘tgan yilda bunday talon-torojliklar qariyb o‘n barobarga oshib, 16 milliard so‘mni tashkil etgan. Mazkur yo‘nalishda 2019 yilda 92 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu raqam qariyb to‘rt barobarga oshib, 359 tani tashkil etgan.
Senat majlisida shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA