Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarish lozim
Buxoro viloyatida sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi, Vobkent tumani dehqon bozori hamda viloyat kadastr idoralarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xarita”si ijrosi yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazildi. Unda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov o‘rganishlar olib bordi.

Muhokamalarda, korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarishni oldini olishda eng samarali tadbirlardan biri bo‘lgan sohalarni raqamlashtirish, elektron platformalarni ishga tushirish kabi vazifalar ayrim davlat tashkilotlari xususan, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi, hududdagi dehqon va buyum bozorlari hamda kadastr idoralari tomonidan bajarilishida kechikayotganligi tanqid ostiga olindi.
Shuningdek, hududdagi 22 ta bozorlardan “raqamli bozor” dasturi ishga tushmaganida ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni amalga oshirishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, ishlarni jadallashtirish, qisqa muddatlarda ishlarni yakunlash zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirlar yakunida “yo‘l xarita”da belgilangan tadbirlar ijrosini o‘z muddatlarida sifatli ta’minlash shuningdek, viloyatni korrupsiyadan holi hududga aylantirish borasida tegishli idoralarning takliflari muhokama qilindi va ularni amaliyotga joriy qilish choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri