Prezident tashrifidan so‘ng...
Kosadagi qaynoq sutga yarim qoshiq sariyogʻ tashlandi. Yogʻ tezgina erib, sath boʻylab yoyilib ketdi. Chorpoyada yolgʻiz oʻtirgan momo kosaga qizarib pishgan patirdan bir-ikki boʻlak tashlaydi.
Bu oilaning erkasi – kenja nabiraning yuragida muammo bor. Uni shu kunlarda yana shifoxonaga yotqizishdi. Mana ikki kundirki, bolakayning ota-onasi u bilan. Dard bu xonadondan xotirjamlikni aritdi.
Oilaning duogoʻyi shundan parishon, tomogʻidan hech narsa oʻtmay oʻtiribdi.
– Issiq jonning isitmasi, unda-bunda xastaligi boʻladi, – deydi Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi onaxon Zulayho Kenjaboyeva. – Bu paytda jonlarga shifo maskanlari aro kiradi. Oq xalat egalari dardlarga darmon topadi. Prezidentimiz shahrimizda yangi barpo etilgan Ona va bola salomatligi tibbiyot markazida boʻldi. Televizorda bu maskanning imkoniyatlari haqida soʻzlab berishdi. Bundan shu zaminning bir nuroniysi sifatida juda suyundim. Shu ishning boshida turganlarni duo qildim. Yurtimizda onalar, bolalar kasal boʻlmasin, ilohim!

Darhaqiqat, yutuqlar haqida soʻzlash quvonarli. Ular oʻzimizniki, bunday yangiliklarning koʻp boʻlgani qanday yaxshi! Yangi markaz haqida keyinroq batafsil maʼlumot beramiz.
Hozir Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi qoshidagi markaziy shifoxona, bu muassasadagi zamon talablariga javob bermaydigan baʼzi holatlar haqida toʻxtalamiz.
Davlatimiz rahbari bu shifo maskaniga 24-oktyabr kuni Qashqadaryoga tashrifi chogʻida rejadan tashqari tarzda tashrif buyurgan edi.
Oʻtgan asrning oltmishinchi-yetmishinchi yillarida qurilgan bino. U tumandagi 243 ming aholiga xizmat koʻrsatadi. Talab va xizmat koʻrsatish quvvati bir-biriga mos emas. Shifoxona 228 bemor oʻrniga va poliklinika 250 qatnovga moʻljallangan. Bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrovga, zamon talabiga umuman mos kelmaydi.
– Davlatimiz rahbari tibbiy boʻlimlar, xonalarga kirib koʻrdi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Bobur Teshayev. – Ayrim jihozlarni yangilashga zaruratimiz borligi koʻrinib turibdi. Shifoxonadagi bemorlar bilan suhbatlashdi. Bir soʻz bilan aytganda, asl ahvolga baho berildi. Prezidentimiz tumandagi sharoit yaxshi emasligini taʼkidlab, bu yerda yangi shifoxona qurilishi haqida taʼkidladi. Shundan kelib chiqib mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tanqid – kelajak mevasi. Xoʻsh, oʻsha kungi muloqot doirasida berilgan koʻrsatmalar boʻyicha qanday ishlarga kirishildi?
Mutasaddilarga tuman markaziy shifoxonasi – boʻlajak majmua oʻrni va loyihasi boʻyicha taklif kiritish vazifasi qoʻyildi.
– Mazkur shifoxona oʻrnida 400 oʻrinli eng soʻnggi uskunalar bilan taʼminlangan tibbiyot maskani qad rostlaydi, – deydi Bobur Teshayev. – Uning yonida 300 qatnovga moʻljallangan poliklinika ham quriladi. Muassasa tegishli dori vositalari bilan bepul taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda. Bino va jihozlar, ilgʻor uskunalar shifo maskani imkoniyatlarini keskin oshiradi. Lekin bugun ulardan samarali foydalana oladigan, zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislarga talab har qachongidan ham yuqori. Ayni paytda tibbiyot birlashmasida 3 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi mehnat qiladi. Kelgusida ularning xorijdagi nufuzli klinikalarda malaka oshirishi ham yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, yil oxiriga qadar shifoxonada faoliyat yuritayotgan 10 nafar shifokor va yana shuncha hamshiraning xorijga malaka oshirishga yuborilishi moʻljallanmoqda. Bundan tashqari, shu yerning oʻzida hamshiralarning malakasini oshirish akademiyasi filiali ham ochiladi.
Shunday qilib Qashqadaryoda zamonaviy shifoxonalar soni yana bittaga ortadi.
Fikrlarni soʻzimiz avvalida taʼkidlaganimiz – Qarshi shahrida barpo etilgan Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiali haqidagi maʼlumotlar bilan davom ettiramiz.
Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida ushbu muassasani ham borib koʻrdi. Tashrifdan soʻng sohaning masʼullari, shifokorlar bilan muloqot qildik.

Bu tibbiyot markazi keyingi besh yil davomida bosqichma-bosqich barpo etildi. Muassasaning umumiy loyiha qiymati 71 milliard 600 million soʻmni tashkil etadi.
Qariyb toʻrt gektarlik hududda mavjud inshootlar mukammal taʼmirlandi, qoʻshimcha ikkita yangi bino qurildi.
– Davlatimiz rahbari 2023-yil 8-sentyabrda “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini imzoladi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonova. – Ushbu hujjatga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilmoqda. Qarorda mazkur markazning 14 ta hududiy filiallari tashkil etilishi belgilangan. Ushbu muassasa hamma talablarga javob beradigan dastlabki shunday markazlardan biri.
Yangi muassasada 200 oʻrinli viloyat perinatal markazi, 200 oʻrinli shahar tugʻruqxonasi, 50 qatnovli skrining markazi va 50 qatnovli reproduktiv markazlari yagona majmuada jamlandi. Tugʻish yoshidagi hamda homilador ayollarga tugʻruq va tugʻruqdan keyingi davrlarda bitta markazda tibbiy xizmat koʻrsatilish imkoni yaratildi.
Bu yerda bir yarim ming nafar tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi. Bu muassasaning nechogʻlik samarali faoliyat olib borishini tasdiqlovchi raqamlardan biri sanaladi.
Eʼtibor berilsa, keyingi paytlarda mamlakatimizda bolalar oʻrtasidagi irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Onalar va bolalar oʻlimini qisqartirish, sogʻlom bolalikni taʼminlashga urgʻu berilmoqda. Mamlakatning ertasi uchun muhim sanalgan bu kabi chora-tadbirlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining tegishli yoʻnalish boʻyicha 2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadlar rejasida qayd etilgan.

Kelgusida Qashqadaryodagi yangi markazda yiliga 8 ming nafardan ziyod patologik tugʻruqlarni qabul qilish imkoni yaratiladi. Bu koʻplab onalar hayotini saqlashda muhim. Shuningdek, kaminvaziv va laparoskopik amaliyot turlari 42 taga yetkaziladi. Oʻsmir qizlar, ayollarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom onalikka tayyorlashdan boshlab, homiladorlikda antenatal parvarish, skrining, tugʻruq hamda keyingi ona va bola parvarishi jarayonlari bir joyning oʻzida tashkil etiladi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, markaz 860 dan ortiq mahalla doyalari bilan muntazam aloqada boʻladi. Yagona elektron baza orqali viloyatning barcha hududlaridagi homiladorlar va tugʻish yoshidagi ayollar qamrab olinadi. Oʻn yettita markaziy koʻp tarmoqli poliklinika tarkibidagi ayollar maslahatxonasi boʻlimi va oʻn sakkizta tugʻruq komplekslari bilan bevosita aloqa oʻrnatiladi.
Davlatimiz rahbari markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Har bir ishda uzoqni oʻylab, puxta va rejali ish qilish lozimligi taʼkidlandi. Shuni inobatga olgan holda muassasani foydalanishga topshirishda shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymaslik lozimligi qayd etildi.
Shifo maskanining imkoniyatlarini yanada oshirish, malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, zamonaviy uskunalardan samarali foydalana oladigan kadrlarni tayyorlash boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berdi.
Ikrom AVVALBOYEV,
OʻzA muxbiri