Tanlovdagi eng sara asarlar kitob holida nashr etiladi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan "Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash" shiori ostida viloyat hokimi sovrini uchun ijodkorlar tanlovi e’lon qilindi.
– Tanlovga mamlakatimiz ma’naviy hayotidagi, yurtdoshlarimiz ong-shuuridagi o‘zgarishlar, davrimiz qahramonlari, umuman, jamiyatimiz hayotidagi yuksalishlar aks etgan badiiy asarlar taqdim etiladi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi. – Maqsadimiz yurtimizdagi ana shu o‘zgarishlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tanlov uch yosh toifasi, ya’ni 15 dan 30 yoshgacha, 30 dan 40 yoshgacha hamda 40 dan yuqori yoshdagi ijodkorlar o‘rtasida hududiy hamda viloyat bosqichi tarzida o‘tkaziladi.
Ijodkorlar tanlovda nazm (she’riyat), nasr (ertak, hikoya, qissa, roman va boshqalar), badiiy publitsistika (publitsistik maqolalar, ocherk, esse) yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy asarlari bilan ishtirok etadi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi Ijodiy kengashi tomonidan badiiy jihatdan yetuk, deb topilgan asarlar Andijon viloyati hokimining moliyaviy ko‘magi bilan kitob holida nashr etilishi belgilangan.
F.UBAYDULLAEV, O‘zA