Tanlov onlayn tarzda yakuniga yetkazildi
Shu munosabat bilan, 25-avgust kuni, soat 11:00 da tanlov gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida har yili “22-mart - Butunjahon suv kuni” munosabati bilan ushbu sanaga bagʻishlangan tadbirlar turli musobaqaviy yoʻsindagi oʻyinlar va taniqli shaxslar bilan uchrashuvlar tarzida oʻtkazilgan.
Bu yilgi tadbir pandemiya sharoitiga toʻgʻri kelgani bois aynan belgilangan kuni oʻtkazilmagan boʻlsada, vaziyatdan kelib chiqqan holda, onlayn tarzda musobaqaviy tadbirlar, tanlovlar muntazam oʻtkazib turildi.
Maʼlumki, 1992-yilda Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan BMTning “Atrof muhit va rivojlanish” konferensiyasida butun jahonda suv resurslari kunini nishonlash taklifi bildirilgan. BMT Bosh assambleyasi 1993-yili 22-fevralida (47/193 sonli) rezolyutsiyani imzoladi va 22-mart kunini “Butunjahon suv kuni” deb eʼlon qildi.Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsad, insoniyatni suvdan samarali foydalanish va uni asrash, suv resurslarini kelajak avlodga yaxshi holatda yetkazib berishdan iboratdir. Har yili “Butunjahon suv kuni” maʼlum bir shior ostida nishonlanadi. Ushbu kun 2017-yilda “Oqova suvlar”, 2018-yilda “Tabiat suv uchun” (Nature for Water), 2019-yilda “Suv muammosi – jamiyat muammosidir: uning yechimi hech kimning nazaridan chetda qolmasligi kerak” shiori ostida nishonlangan boʻlsa, 2020-yilda “Suv va iqlim oʻzgarishi” shiori ostida nishonlanishi belgilandi.
TIQXMMI va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida 2020-yilda “Suv va iqlim oʻzgarishi” shiori bilan respublika OTM talabalari uchun tashkil etilgan tanlov oʻz yakuniga yetdi.
Shu munosabat bilan, 25-avgust kuni, soat 11:00 da tanlov gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi.
TIQXMMI rektori, professor Oʻktam Umurzakov ishtirokchi va mehmonlarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib tadbirni ochib berdi.
Soʻngra tadbir davomida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbar oʻrinbosari Yussi Narvi hamda BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskalarning maʼruzalari tinglandi.
13-mart kuni “Suv –bu hayot” mavzusida posterlar tanlovi va “Oʻzbekistondagi suv resurslarini boshqarishda iqlim oʻzgarishini taʼsiri” mavzusida bahs-munozara.
16-mart kuni “Iqlim oʻzgarishi sharoitida suv resurslaridan foydalanishning innovatsion uslublari” mavzusidagi intellektual oʻyinlar oʻtkazildi.
Yurtimizda karantin joriy qilingani bois “Suv kuni”ning qolgan tadbirlarini maʼlum muddatlarga qoldirishga toʻgʻri keldi.
Lekin, qoldirilgan tadbirlar ham tashkilotchilar bilan kelishilgan holda iyun-iyul oylarida tanlovga qoʻyilgan talablarga bir oz oʻzgartirishlar kiritgan holda onlayn tarzda oʻtkazilishiga erishildi.
Bu yilgi tadbirda TIQXMMIdan tashqari Navoiy davlat konchilik instituti, Jizzax politexnika instituti, Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti, Namangan muhandislik iqtisodiyoti instituti, Toshkentdagi Turin politexnika instituti, Qozon Federal universiteti, TIQXMMIning Qarshi va Buxoro filiallari talabalari, hamda Toshkent shahridagi 23-maktabning 25 dan ortiq oʻquvchilari faol ishtirok etishdi.
Tadbir nihoyasida tanlov natijalari boʻyicha gʻolib talabalar va jamoalar taqdirlandi. Ularga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar ulashildi.




Institut matbuot xizmati.