Tanlov g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiya a’zolari, NNTlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, ijtimoiy sheriklik komissiyasining 2024 yil iyuldagi 9-sonli qaroriga muvofiq joriy yil 22 apreldan 22 maygacha bo‘lgan muddatda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari uchun davlat granti 2-tanlovi o‘tkazildi. Har bir loyiha 60 million so‘mgacha belgilandi.
“Yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish borasida ijtimoiy sherikchilikni kuchaytirish” mavzusida o‘tkazilgan davlat granti 2-tanloviga 13 ta, shundan 10 ta NNT, 2 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va 1ta ommaviy axborot vositasidan loyiha qabul qilindi.



–Nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari dasturi, loyihalarining ijtimoiy va umumahamiyatini aniqlash bo‘yicha Ishchi guruhining o‘rganishlari natijasida davlat granti 2-tanlovi bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 5 ta loyihasini 300 million so‘mga qo‘llab-quvvatlash tavsiya etildi, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi, komissiya raisi Abira Huseynova. –Ishchi guruhi a’zolari tomonidan taqdim etilgan xulosalarni Ijtimoiy sheriklik komissiyasi o‘rganib chiqdi. “Yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish borasida ijtimoiy sherikchilikni kuchaytirish” mavzusida o‘tkazilgan 2-tanlovda 5 ta nodavlat notijorat tashkilotining loyihalari g‘olib deb topildi.


– “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ijtimoiy og‘ir ahvolga tushib qolgan yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish, shaxsiy rivojlanishlariga ko‘maklashishda ularning tibbiy va reproduktiv huquqiy onglarini yuksaltirish” mavzusida 60 million so‘mlik grantni qo‘lga kiritdik, –deydi Buxoro viloyat reproduktologlar assotsiatsiyasi rahbari Nodira Xolova. –Maqsadimiz aholi va yoshlar o‘rtasida ijtimoiy kasalliklar salmog‘ini o‘rganish, eng muammoli hududni tanlab o‘rganib, xulosalar qilib bartaraf etish choralarini ishlab chiqishdir. Targ‘ibot ishlari olib borishda narkolog, psixolog, reproduktiv salomatlik markazi, ichki ishlar, ma’naviyat va ma’rifat markazi, oila va mahalla boshqarmalari xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etish orqali aholining barcha qatlamlari va xususan yoshlarni giyohvandlik, axloqsizlik illatlaridan xalos etishga erishishdir.
G‘oliblarga ijtimoiy sheriklik komissyaining sertifikatlari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri