Tanlov g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Jo‘qorg‘i Kenges huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat grantlari uchun e’lon qilingan tanlovlar g‘oliblariga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A. Davletov mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish borasida samarali ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3 martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga 2021 yil uchun mahalliy byudjet hisobidan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Jamoat fondi tomonidan joriy yilning 20 mayidan – 20 iyunigacha davlat grantlari uchun “Jamiyatimizda oila institutini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” mavzuida birinchi tanlov hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ijrosini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlarining loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzuida ikkinchi tanlov e’lon qilingan edi.
Tanlovlarga nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan bir nechta loyihalar taqdim etilib, ular Jo‘qorg‘i Kenges huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqildi va komissiyaning 28 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida g‘oliblar aniqlandi.
Tadbirda mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati Taxtako‘pir tumani bo‘limi, “Panatseya” jamoat birlashmasi rahbarlariga sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA