Tanlov g‘oliblari taqdirlandi
Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida Andijon viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi, “Iqbol” gazetasi tahririyati hamkorligida amalga oshirilgan “Gender tengligi – barqaror rivojlanish asoslaridan biri” deb nomlangan loyiha yakuni hamda o‘tkazilgan ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, loyihaning ekspert va trenerlari, g‘olib talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida amalga oshirilgan mazkur loyiha viloyatimizda mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga hissa qo‘shdi. Ayniqsa, loyiha doirasida o‘tkazilgan seminarlar, tanlov va turli targ‘ibot tadbirlari aholi, ayniqsa, yoshlarning gender tengligi borasidagi bilimlarini yanada boyitdi, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova.
Tadbirda loyiha tashkilotchilari, hamkorlari tomonidan loyihaning ahamiyati, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar haqida ma’lumotlar berildi.
Jumladan, loyiha doirasida gazetada maxsus sahifalar chop etilgani, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab axborot, maqola va boshqa targ‘ibot materiallari e’lon qilinganligi, mavzuga oid videokontent tayyorlanib, keng jamoatchilikka taqdim etilganligi aytildi.
[gallery-28477]
Loyiha doirasida oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Men gender tenglik haqida nimalarni bilaman?” mavzusidagi ijodiy ishlar tanlovining yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon davlat universiteti talabasi Durdona Islomqulova birinchi, Andijon davlat texnika instituti talabasi Latofat Tojimatova ikkinchi, Andijon davlat chet tillar instituti talabasi Mohidiloy Karimova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlov g‘oliblari, faol ishtirok etgan talabalar, shuningdek, loyihani amalga oshirishda faol qatnashgan bir guruh hamkor tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.