“Ma’rifat ulashib” loyihasining navbatdagi mehmonlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Abduqayum Yo‘ldoshev, Faxriddin Hayit va Muhammad Siddiq Rahmatov bo‘ldi.
Ijodkorlar dastlab viloyatning Koson tumanidagi 57-75-78-maktablarida bo‘lib, o‘quvchilarni o‘z ijod namunalari bilan bahramand qildi. Muloqotlar davomida mehmonlar tomonidan bugungi ijodiy muhit, kitob mutolaasi xususida qiziqarli ma’lumotlar ulashildi.


Shundan so‘ng loyiha doirasida ijodkorlar Qarshi davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Universitet faollar zalida tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda yoshlarning zamonaviy bilimlarni egallashi, dunyoqarashini kengaytirishda milliy ma’naviyat va mafkuraning ahamiyati yuqori ekanligi qayd etildi. Qizg‘in va samimiy suhbat go‘zal mushoiralarga ulanib ketdi.


Tadbir davomida universitetning “Qaqnus” talabalar teatr studiyasi tomonidan O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim qalamiga mansub “Kunduzsiz kechalar” asari asosida sahnalashtirilgan spektakldan parchalar namoyish etildi.
Yosh talaba-aktyorlarning mahoratli ijrosi mehmonlarning iliq e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ta’kidlash lozim, o‘tkazilgan ijodiy kecha yoshlarga o‘zgacha ruh, kayfiyat, ilhom bag‘ishlaganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tadbir so‘nggida ijodkorlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet hovlisiga daraxt ko‘chatlari ekdi.


Ijodiy uchrashuvlar davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri