Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi O‘zbekiston mahallasida istiqomat qiluvchi Dilorom Usmonqulova har kuni tongni quyosh taftidek qizib turgan, gurullab yonayotgan tandir yonida kutib oladi.
“Mehnat insonni ulug‘laydi” degan so‘z Dilorom hayotida o‘z isbotini topgan. U tong azonlab zuvalalarni ehtiyotkorlik bilan tandirga joylaydi.
Issiq nonining hidi butun mahallaga tarqaladi. Qo‘shnilari ham buni yaxshi biladi. “Diloromning nonini bir bor tatigan odam yana olish uchun qaytib keladi,” – deydi qo‘shnisi Ozoda opa.
Dilorom va turmush o‘rtog‘i Shavkat 30 yildan beri birga hayot kechirib, ikki o‘g‘il va bir qizni voyaga yetkazishgan.
– Aslida novvoychilikni turmush o‘rtog‘im Shavkat Usmonqulovdan o‘rganganman – deydi Dilorom. – U 2002–2003 yillarda Jizzax shahridagi novvoy bo‘lasi Bahrom Almatov va tog‘asi Alisher Boratov qo‘lida shogird bo‘lib, bir yil davomida hunar o‘rgandi. 2004 yilda esa xonadonimizda novvoyxona va katta tandir qurdik. Ilk kunlarda 60–70 ta non yopar edim, hozir esa kuniga 250–300 dona, bayram va to‘ylarda esa 500–1000 dona non pishiraman, – deydi Dilorom.
Erta tongdan soat 9 gacha uning issiq nonlarini so‘rab keluvchilar qatori uzilmaydi. Bu mehnatdan nafaqat o‘zi, balki turmush o‘rtog‘i, farzandlari va 74 yoshli qaynonasi Nishongul ona ham mamnun.

– Mahallamizda 805 xonadon, 5394 nafar aholi istiqomat qiladi. Asosiy yo‘nalishlar — qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, parrandachilik va sut mahsulotlarini qayta ishlashdan iborat. Novvoychilik bilan esa aynan Usmonqulovlar shug‘ullanadi. Ularning ishini yengillashtirish maqsadida o‘tgan yili xamir qorish mashinasi uchun 10 million so‘m imtiyozli kredit ajratdik. Bu orqali ularning daromadlari yanada ortib, faoliyatlari barqarorlashdi, – deydi mahalla faoli Nazira Burxonova. – Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar odamlar hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Diloromning mehnati va mustahkam turmush tarzi bunga yaqqol misoldir.

Dilorom va Shavkat ayni paytda ish qamrovini kengaytirib, qolipli non va turli pishiriqlar ishlab chiqarishni rejalashtirishgan. Mahalla mas’ullari esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri