Haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan yana bir “ustomon” qo‘lga tushdi. Bu haqida Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot organlari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida Buxoro shahridagi “Buxoro ustoz haydovchi” MCHJ avto maktabi o‘qituvchi-instruktori Buxoro tumani “Bog‘ikalon” mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro S.M. ismli shaxs boshqa fuqarolar Sh.M. va E.E. ismli ayollarni “B” toifali haydovchilik guvohnomasi olib berish hamda guvohnoma olish uchun bo‘ladigan imtihondan vakolatli tanishlari orqali o‘tkazish uchun pora berishga dalolat qiladi. Natijada firibgarlik yo‘li bilan 500 AQSH dollari talab qiladi.
2023 yil 13 iyun kuni Buxoro shahar Ibn Sino ko‘chasida kelishilgan puldan 400 AQSH dollarini olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro S.M. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda uning boshqa fuqarolarga nisbatan ham xuddi shu turdagi jinoyatlarni sodir qilganligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA