Talon-torojliklar nega davom etmoqda?
Hech kim adolatsizlikka duch kelishni aslo istamaydi.
Yoki javobgarlik choralari yengillashib ketdimi?
Jamiyatda adolat boʻlishini, noqonuniy holatlar barham topishini hamma birdek yoqlaydi. Hech kim adolatsizlikka duch kelishni aslo istamaydi.
Buning uchun shu jamiyatda yashayotgan har bir kishi adolat tarafida turishi kerak. Ammo manfaatga kelganda bundan koʻz yumib yuborish, afsuski, hamon mavjud.
Xizmat vazifasini bajarayotganda undan oʻz manfaati yoʻlida foydalanayotgan, turli talon-torojliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotganlar kam emas.
Bosh prokuratura maʼlumotiga koʻra, joriy yilning birinchi yarmida 327 jinoyat ishi boʻyicha 459 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu jinoyatchilarning 4 nafari respublika, 13 nafari viloyat va 442 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 180 nafari oʻzganing mulkini oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, 92 nafari firibgarlik, 57 nafari pora olish (berish) va pora olish-berishda vositachilik qilish, 16 nafari mansab mavqeini suiisteʼmol qilish, 10 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 8 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 7 nafari mansab soxtakorligi va 89 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan.
Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 172,2 milliard soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan boʻlib, tergov jarayonida ushbu zararning 114,2 milliard soʻmi undirilgan.
Bu raqamlar ortida qilmishining jabrini chekayotgan, mansabini suiisteʼmol qilgani uchun jamiyatda tutgan oʻrni, mavqeidan ajralgani yetmaganday, butun oilasi, yaqinlariga isnod keltirganlarning pushaymonligi turgani kunday ravshan.
Ammo bular ayrimlar uchun xulosa chiqarishga hamon yetarli boʻlayotgani yoʻq. Chunki mansab mavqeidan foydalanib talon-torojliklarga yoʻq qoʻyayotganlar har kuni fosh boʻlishda davom etmoqda.
Chilonzor tumanida ishsizlarga toʻlanishi lozim boʻlgan 36,2 million soʻm byudjet mablagʻi talon-toroj qilingan.
“K.X” mahalla fuqarolar yigʻini raisi N.R. tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi inspektori A.R. bilan oldindan til biriktirib, markazga ish soʻrab murojaat qilmagan va ishsizlar roʻyxatiga kiritilmagan 26 nafar fuqaroni jamoat ishlariga jalb etilganligi haqida soxta hujjatlar tuzgan. Shu orqali jami 36,2 million soʻm byudjet mablagʻi talon-toroj qilingan.
Bu Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Chilonzor tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.
Departamentning Uchqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa Namangan viloyati hokimligining Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi texnik nazoratchisi N.M. “N.B.” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari M.I. bilan oʻzaro til biriktirib, tumandagi 41-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida amalga oshirilgan qurilish ishlari haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 173,2 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlarini qoʻshib yozish orqali byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga koʻra, yuqoridagi holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Koʻrinib turibdiki, xalq mulki boʻlgan byudjet mablagʻlarini talon-qilishni eng quyi boʻgʻindagi masʼul shaxslar ham osongina amalga oshirmoqda. Bu esa ularning jinoiy javobgarlikdan qoʻrqmayotganini koʻrsatadi.
Ushbu mavzudagi chiqishlarimiz boʻyicha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari fikr bildirganda, korrupsiyaviy holatlar boʻyicha javobgarlikni kuchaytirish taklifini bildirishadi. Haqiqitan, javobgarlik shunday boʻlishi kerakki, toki qilmish sodir etayotgan shaxs buning oqibatidan qoʻrqishi kerak. Shunday boʻlmas ekan, u bundan hech qachon oʻzini tiya olmaydi.