Ta’lim sohasiga ixtisoslashgan Talimxabarlari.uz nashri qisqa vaqt ichida o‘zining dadil yondashuvi, sifatli materiallari va keng auditoriyasi bilan mamlakat mediasida o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.
2022-yil dekabr oyida ishga tushgan ushbu platforma bugun o‘qituvchilar, talabalar va ota-onalar uchun ishonchli manbaga aylangan. Nashr faoliyati 2023-yil 24-sentaybr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 123630-raqam bilan ro‘yxatga olingan.
Saytda bir nechta asosiy ruknlar faoliyat yuritadi. “Yangiliklar” rukni ta’lim sohasidagi eng dolzarb voqealarni yoritadi, “Maqolalar” ruknida jahon tajribasi, ilmiy-ommabop tahlillar va tadqiqotlar chop etiladi. “Grantlar” rukni esa o‘quvchilar, talabalar va tadqiqotchilar uchun eng yaxshi xalqaro hamda mahalliy dasturlar haqida ma’lumotlar beradi.
Platformaning o‘sish sur’atlari ham e’tiborga molik. “Yandex Metrika” tahliliy tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning sentyabr oyi holatiga ko‘ra, kuniga o‘rtacha 100 mingdan ortiq, oyiga esa 2 millionga yaqin o‘quvchini qamrab olmoqda. Saytdagi ko‘rishlar soni bir oyda 5 milliondan oshgan.
Shuningdek, 2025-yilning fevral–avgust oylari, boshqacha aytganda, 6 oy davomida e’lon qilingan xabar va maqolalar umumiy hisobda 24 million marta o‘qilgan, tashriflar soni esa 16 milliondan ortgan.
Bundan tashqari, Milliy qidiruv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, “Talimxabarlari.uz” O‘zbekistonning eng mashhur saytlaridan biri sifatida TOP-10 talik ro‘yxatdan o‘rin egallab kelmoqda. 2025-yilning avgust oyida sayt ushbu reytingda 8-o‘rinni band etgan.
Nashr auditoriya bilan bevosita muloqotda bo‘lishga alohida e’tibor qaratadi. Deyarli har oyda o‘tkaziladigan interaktiv test sinovlari orqali g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar, kitob to‘plamlari va pul mukofotlari topshiriladi. Bu tashabbus nafaqat o‘quvchilarni jalb etadi, balki ularning ta’lim jarayonidagi ishtirokini ham kuchaytiradi.
Talimxabarlari.uz nafaqat matnli, balki video ko‘rinishdagi yangiliklarni ham tarqatmoqda. Bugungi kunda uning Telegram, Instagram, YouTube, Facebook, X(Twitter) kabi ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari faoliyat yuritadi.
Telegramdagi obunachilar soni 110 mingdan oshgan bo‘lsa, Instagramda qariyb 10 ming, Facebookda esa 5 mingga yaqin kuzatuvchi mavjud. Bu raqamlar boshqa tarmoqlar bilan qo‘shilganda yanada ortib borib, nashrning ijtimoiy mediada mustahkam mavqega ega ekanini ko‘rsatadi.
Kelgusida “Talimxabarlari.uz” faoliyatini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Jamoa yangi ruknlar ochish, xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, multimedia mahsulotlari va podkast loyihalarini ishga tushirishni maqsad qilgan.
Umuman olganda, “Ta’lim xabarlari” qisqa vaqt ichida o‘z o‘quvchilariga yaqin bo‘lishi, ta’lim sohasidagi yangiliklarni tezkor va qulay shaklda yetkazishi bilan alohida e’tirof etilmoqda. Nashr bugungi kunda nafaqat ma’lumot manbai, balki ta’lim jamoatchiligi uchun foydali axborot platformasi sifatida ham xizmat qilmoqda.