Ta’limga sarmoya – kelajakka sarmoya
Bilim va tarbiyaga yo‘naltirilgan har bir mablag‘ mamlakatning ertangi taraqqiyoti, xalq farovonligi va yangi avlod salohiyatiga kiritilgan sarmoyadir. Chunki bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchi ertaga jamiyat hayotining turli jabhalarida mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan mutaxassis, olim, muhandis, shifokor, tadbirkor yoki rahbar bo‘lib yetishadi.
Shu ma’noda, mamlakat taraqqiyotini ta’limdan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘qituvchi va murabbiylarning nufuzini oshirish, yoshlarga sifatli bilim olishi uchun munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ortib, maktablar va bog‘chalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, pedagoglarni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Eng muhimi, ta’limga mablag‘ ajratish tushunchasi inson kapitaliga sarmoya kiritish mazmuni bilan boyib bormoqda.
O‘qituvchi mehnati qadrlanmoqda
Ta’lim sifatini oshirishda asosiy kuch, shubhasiz, o‘qituvchidir. Zamonaviy maktab, yangi texnologiya va zamonaviy jihozlar muhim. Ammo ularni ta’lim natijasiga aylantiradigan, o‘quvchining qalbiga yo‘l topadigan inson ustoz. Shu bois pedagoglarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish, jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Pedagog mehnatini rag‘batlantirishning turli shakllari, jumladan, “Yil o‘qituvchisi” kabi tanlovlar o‘tkazilishi, yuqori natija ko‘rsatgan ustozlarning munosib mukofotlar bilan taqdirlanishi ham ana shu e’tiborning amaliy ifodasidir. Jumladan, mazkur tanlov g‘oliblarining har biriga 50 ming AQSH dollariga teng miqdorda mukofot berilgani o‘qituvchi mehnatiga munosabat tobora yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Bu yerda gap faqat pul mukofotida emas. Muhimi, jamiyatda “yaxshi o‘qituvchi bo‘lish, natija ko‘rsatish, o‘z ustida ishlash va yangilikka intilish qadrlanadi”, degan muhit shakllanmoqda. Bunday muhit esa ta’lim sifatiga bevosita o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Ta’limga e’tibor respublika miqyosidagi islohotlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Hududlarda ham ta’lim natijalarini yaxshilashga qaratilgan yangi yondashuvlar shakllanmoqda. Jizzax viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarining davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish natijalarini yaxshilash maqsadida ta’lim muassasalari va pedagoglarni moddiy rag‘batlantirishning alohida tartibi belgilangani bunga yaqqol misoldir.
Mazkur tizimda asosiy mezon natija. Ya’ni maktab bitiruvchilarining davlat oliy ta’lim muassasalariga talaba sifatida qabul qilinganlik ko‘rsatkichi rag‘batlantirishning muhim omili sifatida belgilangan. Bu esa ta’lim muassasalarini shunchaki raqam ortidan quvishga emas, aniq va o‘lchanadigan natijaga intilishga undaydi.
Jizzax viloyatida tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari o‘rtasida ta’lim natijalari bo‘yicha reyting shakllantirilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar ulushi eng yuqori bo‘lgan uchta tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga 100 million so‘mdan, “Eng yaxshi maktablar”ga 100 million so‘mdan pul mukofoti beriladi. Shuningdek, eng yuqori natijaga erishgan 13 nafar sinf rahbariga 30 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lash belgilangan.
Qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ning rag‘batlantirishga yo‘naltirilayotgani bejiz emas. Zero, ta’lim natijasining ortida birgina o‘qituvchi emas, maktab jamoasi, sinf rahbari, ota-ona va, albatta, o‘quvchining mehnati turadi. Shuning uchun maktab, tuman va sinf rahbari darajasidagi rag‘batlantirishlar bir-birini to‘ldirib, ta’lim tizimida mas’uliyat va rag‘batni bir nuqtada birlashtiradi.
Imkoniyat bor joyda natija bor
Ta’limdagi islohotlarning yana bir muhim jihati sifatli bilim olish imkoniyatini hududidan qat’i nazar barcha o‘quvchilar uchun kengaytirishdir.

Jizzax viloyatining tog‘li va olis hududlarida qatnash qiyin bo‘lgan maktablar uchun mikroavtobuslar ajratilgani ham shu maqsadga xizmat qiladi. Xususan, olis hududlardagi 16 ta maktab uchun mikroavtobuslar xarid qilinishi o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga xavfsiz va o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlashga qaratilgan.
Bir qaraganda, bu oddiy transport masalasidek tuyulishi mumkin. Aslida esa uning zamirida katta maqsad bor. Bolaning maktabga muntazam qatnashi, dars qoldirmasligi va sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan har qanday sharoit uning kelajagiga daxl qiladi. Uzoq qishloqdagi bola bilan shahardagi bolaning ta’lim olish imkoniyati o‘rtasidagi farqni kamaytirish ham ta’lim islohotlarining muhim vazifasidir.
Axir, har bir yutuq e’tirof etilsa, unga ergashadiganlar ko‘payadi. Bir o‘quvchining g‘alabasi boshqa o‘nlab o‘quvchilarning orzusiga aylanadi. Bir o‘qituvchining natijasi boshqa ustozlarni yangi izlanishlarga undaydi. Bir maktabning muvaffaqiyati esa boshqa maktablar uchun namuna bo‘ladi.
Shuning uchun ta’limdagi raqobatni ham bir-biridan ustun kelish emas, avvalo, o‘z natijasini kechagidan yaxshilash istagi sifatida tushunish kerak. Jizzax viloyatida yo‘lga qo‘yilayotgan rag‘batlantirish tizimi ana shu sog‘lom intilishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Bugungi maktab – ertangi O‘zbekiston
Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar, yangi maktablar, zamonaviy laboratoriyalar, raqamli texnologiyalar, pedagoglarni rag‘batlantirish tizimlari va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash choralarining barchasi bir maqsadga– inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan.
Zero, tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lishi mumkin. Ammo bilim va salohiyatga ega inson yangi imkoniyatlarni yaratadi. U yangi texnologiyani o‘zlashtiradi va ixtiro qiladi, korxona tashkil etadi, yangi ish o‘rinlari ochadi, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shadi. Demak, ta’limga sarflangan har bir mablag‘ kelajakda inson salohiyati, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat farovonligi ko‘rinishida o‘z samarasini beradi.
Bugungi maktab – ertangi O‘zbekiston. Bugun dars berayotgan o‘qituvchi ertaga yuzlab insonlarning taqdiriga ta’sir qilgan ustoz sifatida namoyon bo‘ladi. Bugun qurilayotgan maktab, xarid qilinayotgan avtobus, tashkil etilayotgan qo‘shimcha mashg‘ulot, berilayotgan mukofot – bularning har biri kelajak uchun yaratilayotgan imkoniyatdir.

Jizzax viloyatida joriy etilayotgan rag‘batlantirish tizimida ham ana shu falsafani ko‘rish mumkin. 1 milliard 990 million so‘mlik rag‘bat – o‘qituvchi mehnatiga berilgan baho, maktab jamoasiga bildirilgan ishonch, yuqori natijaga intilayotgan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan amaliy mexanizmdir. Eng muhimi, bu kelajakka qilingan sarmoya.
Zero, ta’limga sarmoyaning eng katta dividendi – bilimli avlod. Bilimli avlod esa mamlakatning eng katta boyligidir. Bugun sanab o‘tganlarimiz hali xamir uchidan patir, xolos. Viloyatda ta’limga, uning moddiy bazasiga, o‘qituvchi mehnatiga va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bunday sarmoyalar ko‘lami tobora ortib bormoqda.
Sarvar Nazarqosimov,
Jizzax viloyat maktabgacha va
maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA