Toshkentda 11 aprel kuni “Ta’limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbir mamlakatimizda PISA-2022 asosiy sinov jarayonining ramziy ochilish marosimini o‘tkazish, ta’lim natijalarini baholash sohasida olib borilayotgan tadqiqot natijalarini keng jamoatchilikka, xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), Jahon banki, YUNISEF, YUNESKO hamkorligida tashkil etilgan mazkur konferensiyada IHTT bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer bosh ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
bugungi kunda yurtimiz aholisining 60 foizdan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat taraqqiyoti davomiyligini ta’minlashga qaratilgan barcha strategiyalarda o‘z aksini topgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri, ya’ni uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad ko‘zlangan. Inson qadri, xalq farovonligi ustuvor bo‘lgan Yangi O‘zbekiston kelajagini qurish esa har tomonlama chuqur bilimga ega, salohiyatli yosh kadrlarni tayyorlashga bog‘liq.
Shundan kelib chiqib, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi so‘nggi 3-4 yilda ikki barobar oshirilib, 65 foizga yetkazildi. Ya’ni, mamlakatimizda bog‘chalar 5 ming 200 tadan 18 ming 300 taga ko‘paydi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bog‘chalar salmog‘i keskin ortdi. bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 million 800 nafar bola tarbiyalanmoqda. Iqtidorli bolalarni aniqlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalar, uslublar va xorij tajribasini keng joriy etish, o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, iste’dodli yoshlarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida respublikamizning 14 hududida Prezident maktablari tashkil etildi. Oliy ta’lim tizimida qamrov ko‘rsatkichi 9 foizdan 28 foizga oshirilgani ham sohada jiddiy ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganidan dalolat.
Ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘qitish metodikasi va ta’lim natijalarini baholash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha ulkan islohotlar boshlab yuborilgan. Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasida O‘zbekistonni 2030 yilga qadar O‘quvchilarni baholash xalqaro PISA dasturida jahonning birinchi 30 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish maqsad qilib qo‘yildi. Natijada ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ta’lim sifatini baholash tizimi tubdan takomillashtirildi. Jahon banki va YUNISEF bilan hamkorlikda o‘quvchilar bilimini sinashda yodlashga asoslangan test tizimidan voz kechilib, hayotiy ko‘nikmalarni - ijodkorlik, mantiqiy fikrlash, bilimni real hayotiy muammoni yechishga yo‘naltirish, guruhda ishlashni baholashga qaratilgan milliy baholash tizimi tashkil etilmoqda, ta’lim sifatini yaxshilashda aniq ilmiy tadqiqot natijasiga, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilinmoqda.
Hozirga qadar mamlakatimiz ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmagani mavjud holatni xalqaro me’yorda baholash, boshqa davlatlar bilan taqqoslash va tahlil qilish imkoniyatini cheklab kelayotgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu borada ham ilk qadamlar tashlandi. Xususan, 2018 yil Ta’lim inspeksiyasi huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilinib, markaz zimmasiga umumta’lim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda ishtirokini ta’minlash vazifasi yuklandi.
O‘tgan davr mobaynida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan kelishuvga erishilib, O‘zbekiston ilk bor PISA, TALIS, PIRLS va TIMSS xalqaro dasturlarida ishtirok etmoqda.
2021 yil respublikaning 83 maktabida PISA tadqiqoti tajriba-sinovi bo‘lib o‘tdi. Endilikda tanlab olingan 202 ta’lim muassasasida 2022 yil aprel-may oylarida asosiy sinov jarayonini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Konferensiya kun tartibidan Ta’lim tizimini takomillashtirishda milliy va xalqaro baholash dasturlari, xususan, PISA-2022 baholash dasturining ahamiyati va kutilayotgan natijalar, Inson kapitalini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish holati, mazkur jarayonni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari hamda istiqboldagi rejalar singari 15 dan ortiq mavzuda ekspertlar chiqishi o‘rin olgan.
Ushbu konferensiya bugungi kunda yangilanish va islohotlar yo‘lidan dadil borayotgan Yangi O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, maktablarimizda zamonaviy o‘qitish metodini joriy etish hamda mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash orqali kelajakda yurtimizga xorijiy investitsiya oqimini oshirishda poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: PISA 15-16 yoshli o‘quvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy, o‘qish savodxonligi va kreativ fikrlash qobiliyatini baholashga qaratilgan tizim bo‘lib, joriy yil aprel-may oylarida respublikamizning turli hududlaridagi xalqaro tashkilot tomonidan tanlab olingan 202 ta maktabda kompyuter yordamida tadqiqot o‘tkazadi.
PISA tadqiqoti har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo ta’lim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, davlatga xorijiy investitsiya jalb etish jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Aniqroq aytganda, sarmoyadorlar muayyan yurtda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga aynan shu tadqiqot natijalari orqali javob topishlari mumkin.
Ushbu tadqiqot orqali, jumladan, O‘zbekistondagi ta’lim tizimi va muhiti, ta’limning tashkil etilishi, tanqidiy va ijodiy fikrlash, egallangan bilimni hayotda qo‘llay olish qobiliyati, ota-onaning farzandi ta’lim olishiga e’tibori va uyda yaratilgan sharoit bo‘yicha atroflicha ilmiy asoslangan, ishonchli ma’lumot olishga erishish ko‘zlangan.
[gallery-6576]
Saidmurod Rahimov, O‘zA