Ta’limdagi islohotlar yuksak samaralar berishiga ishonaman
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Menning o‘qituvchi bo‘lib ish boshlaganimga ellik yildan ortdi. Butun faoliyatimni sarhisob qilib ayta olamanki, bugun o‘qituvchi uchun mazza qilib ishlaydigan davr keldi. Chunki keyingi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, uning ish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, ularga qator imtiyoz va afzalliklar yaratib berilmoqda, mehnatlari qadrlanmoqda.
Shunday davrlar bo‘ldiki, biz nafaqat o‘qituvchi, balki dala ishlarini bajaruvchi ham edik. Yil davomida 4-5 oylab g‘o‘za yaganasi, pilla terish, paxta terish singari qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band bo‘lardik. Bolalarni o‘qitish ikkinchi darajali vazifamizga aylanib qolgan edi.

Mustaqillikka erishganimizdan keyin endi o‘qituvchining ko‘ksiga shamol tegadi, deb xursand bo‘lgandik. Ming afsuski, unday bo‘lmadi. Qaytaga yana zimmamizga ko‘chalarni tozalash, obodonlashtirish ishlarini bajarishdek yumushlar yuklandi. O‘qituvchining qadri, hurmati pasaydi.
Shukrlar bo‘lsinki, keyingi besh-olti yil ichida Prezidentimiz tashabbusi bilan holat butunlay o‘zgardi. Endi o‘qituvchi faqat ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanmoqda, o‘z ustida ishlamoqda, bilim va malakasini oshirmoqda. Eng asosiysi, uning jamiyatdagi hurmati, nufuzi ortmoqda, oylik maoshlari ko‘tarilmoqda.
Birgina men ishlayotgan maktabda o‘n nafardan ortiq o‘qituvchi 10 million so‘mga yaqin, 2 nafar o‘qituvchi o‘n million so‘mdan ortiq, 1 nafar o‘qituvchi esa 20 million so‘m oylik ish haqi oladi. Bu albatta, Prezidentimizning, hukumatimizning o‘qituvchi mehnatini qadrlashga bo‘lgan e’tiborning natijasidir.
Turli yutuq va samarali natijalarga erishgan o‘qituvchilar mehnatiga berilayotgan e’tibor har qancha tahsinga loyiq. Masalan, bir nafar o‘quvchisi respublika fan olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchiga 100 million so‘mga yaqin, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, undan ham ko‘p mukofot puli berilishi belgilangan. Bundan tashqari, o‘qituvchi o‘zi respublika yoki sobiq ittifoq fan olimpiadasida g‘olib bo‘lib, oliy o‘quv yurtini tamomlab, ana shu fan bo‘yicha o‘qituvchilik qilayotgan bo‘lsa, oylik ish haqiga yuz foiz, agar xorijiy til yoki milliy sertifikat olgan bo‘lsa, oyligiga ellik foiz ustama qo‘shib berilmoqda. Bugun ana shunday natijaga erishayotgan o‘qutuvchilar millionerga aylanishi mumkin. Shu o‘rinda mening 26 nafar o‘quvchim respublika, 12 nafar o‘quvchim xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan. Bunday natijaga erishgan o‘qituvchi bugun qancha mablag‘ olishi hisoblab ko‘rilsa, fikrimga hech kim e’tiroz bildirmasa kerak.
Tariximizda o‘qituvchiga bunday imkoniyat hech qachon berilmagan. Qolaversa, bugun yurtimiz o‘qituvchilariga ko‘plab davlatlardagi hamkasblari havas bilan qaramoqda.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/23UvnW2y0CA" title="Ta’limdagi islohotlar yuksak samaralar berishiga ishonaman" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bugungi kunda ta’lim tizimini takomillashtirish, ilg‘or pedagogik texnologiya va ish uslublarini, xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, biz o‘qituvchilarga Finlyandiya maktablarining o‘qitish tizimini andoza qilib olish taklifi berildi. O‘tgan yildan boshlab bu bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shu asosda men bir guruh ustoz va hamkasblar bilan 7- sinf kimyo fani darsligini tayyorladik. Tahlil qilib ko‘rilsa, qator rivojlangan davlatlar, xususan, Finlyandiyada ta’lim jarayonida bilim berish nazariy va amaliy jihatdan teng olib boriladi, o‘quvchining mustaqil, erkin fikrlash qobiliyatini yuksaltirishga e’tibor qaratiladi. Ushbu darslikda ham ana shu mezon asos qilib olingan.
Ba’zida ayrim ota-onalardan nima uchun farzandlarimiz maktablardan biz istagan darajada bilim olmayapti, degan e’tirozni eshitamiz. Shu o‘rinda aytishim kerakki, biz o‘quvchining qiziqishidan, imkoniyatlaridan kelib chiqib, dars o‘tishni yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, ijobiy natijaga erisha olmaymiz. Buning uchun, eng avvalo, o‘qituvchi o‘quvchini qiziqtira olishi, o‘ziga xos, ilg‘or usullar, yangiliklar asosida dars o‘ta olishi kerak. Bu o‘qituvchidan doimiy izlanishni, o‘z ustida ishlashni talab etadi. Qayerda o‘qituvchi ana shu jihatga e’tibor qaratmas ekan, ijobiy natijaga erisha olmaydi.
To‘g‘ri, bugun maktablarimizda mas’uliyat bilan ishlamayotgan o‘qituvchilarimiz ham yo‘q emas. Bugun o‘qituvchiga qo‘yilayotgan talab ularni ishlashga majbur qiladi, ishonamanki, unday pedagoglar safi yildan-yilga kamayib boraveradi.
Maktablarda tajribali o‘qituvchilar ko‘p, maktab bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish darajasi ham ortib bormoqda. Bu, eng avvalo, yurtimizda o‘qituvchilarning samarali ishlashi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar, qolaversa, fidoyi, bilimdon o‘qituvchilarimiz mehnatlari samarasidir. Ishonch bilan ayta olamanki, yurtimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohatlar yaqin yillar ichida, albatta, o‘zining yuksak samaralarini beradi.
Kamoliddin G‘OPIROV,
O‘zbekiston Qahramoni, Shahrixon tumanidagi
53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori.
O‘zA