Ta’limda mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Fikr tarbiyasiga oid tarixiy hamda innovatsion yondashuvlar, mahsuldor strategiyalardan pedagogik amaliyotda foydalanish mexanizmlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda fikr tarbiyasining nazariy va metodologik asoslari, milliy hamda xalqaro pedagogik tajribalar, zamonaviy ta’limda innovatsion yondashuvlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yosh avlodda mustaqil fikrlash, tanqidiy tahlil qilish, ijodiy yondashish va mantiqiy xulosa chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishning samarali usullariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning asosiy maqsadi fikr tarbiyasiga oid tarixiy tajribalarni o‘rganish, zamonaviy pedagogik modellarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilish hamda ularni uzluksiz ta’lim tizimiga tatbiq etish bo‘yicha ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Anjuman doirasida fikr tarbiyasini tashkil etishning samarali mexanizmlari, ta’lim oluvchilarni muammoli vaziyatlarni tahlil qilishga o‘rgatish, mustaqil qaror qabul qilish, o‘z fikrini asoslash va ijodiy tafakkurni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur anjumanda fikr tarbiyasining nazariy-metodologik asoslari va uning zamonaviy ta’lim tizimidagi o‘rni, tarixiy pedagogik tajribalarni innovatsion yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari hamda o‘quvchilarning fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan samarali strategiyalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, fikr tarbiyasiga oid nazariy konsepsiyalarni pedagogik amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish, uzluksiz ta’lim muassasalarida mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.
[photobank-32249]
Ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarida mustaqil, tanqidiy, tahliliy, kreativ va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilgan metodik yondashuvlar muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.
Hamroz Bayonov,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA