Ta’limda ayollar va erkaklar teng huquqlidir
Bugungi kunda mamlakatimizda kattalar uchun professional ta’lim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar hayotga keng joriy etilmoqda.
Bu sohadagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni muhokama etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan "Xotin-qizlar va erkaklarning butun hayoti davomida o‘qish imkoniyatlarini rag‘batlantirish: yutuqlar va muammolar" mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Ushbu seminarda yurtimiz olim va mutaxassislari bilan birga xorijlik ekspertlar ham qatnashdi.
Ilmiy seminarda bugungi globallashuv davrida kattalar uchun ta’lim zarurligidan kelib chiqib, professional bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, yoshidan qat’i nazar, erkaklar va xotin-qizlarning ta’lim olishini faol qo‘llab-quvvatlash, sohadagi qulayliklardan aholini xabardor qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.
—Mamlakatimizda xotin-qizlarning bilim va kasbiy ko‘nikmalarini yuksaltirish borasida ko‘plab ijobiy tashabbuslar hayotga keng joriy etilmoqda, — dedi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ilm, fan innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, texnika fanlari doktori, professor Karima Norqulova. — Mazkur seminar davomida mavzuga oid imkoniyat va sharoitlarni ishtirokchilarga yetkazishga harakat qilayapmiz.

Seminarda “O‘zbekistonda fan va uzluksiz ta’lim rivojida ayol va erkaklarning teng huquqlari va imkoniyatlari”, “Hayot davomida o‘qitishda turli tillarni o‘rganish konsepsiyalari (koreys tili misolida)”, “Xorijiy tajribalar asosida O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasi mutaxassislari uzluksiz kasbiy malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish”, “Kattalarni o‘qitishda kreativ ta’lim texnologiyalaridan foydalanish: muammo va yutuqlar tahlili” kabi mavzulardagi ma’ruzalar muhokama etildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri