Bu haqida “Talimarjon IES” AJ rahbariyati tashabbusi bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.
Ta’kidlash lozimki ayni paytda “Talimarjon IES” ning umumiy quvvati 1700 megavattni tashkil etadi. 2004 yil 18 noyabrda 1-sonli 800 MVtli energoblok ishga tushirilgan. 2016 yil 4-choragida 2-sonli energoblok ya’ni 450 MVtli 1-bug‘-gaz qurilmasi ish boshlagan. 2017 yil 1-choragida 3-sonli energoblok ya’ni 450 MVtli 2-bug‘-gaz qurilmasi ishga tushgan. 2- va 3-sonli energobloklar ya’ni 1-va 2-bug‘ gaz qurilmalarining boshqalaridan farqi ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash evaziga shartli yoqilg‘ini 100 – 110 gramm kam sarflaydi.
Ayni paytda korxonada yiliga 7,2 milliard kilovatt soat elektr-energiyasi ishlab chiqariladi. O‘zbekiston energetika tizimiga 220 va 500 kilovolt kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari orqali elektr-energiyasi uzatiladi. Shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 18 dekabrdagi “Talimarjon IES” AJni umumiy quvvati 900 megavattdan kam bo‘lmagan navbatdagi 2 ta bug‘-gaz qurilmalarini qurish bilan kengaytirish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida korxonada yana 2 ta bug‘-gaz qurilmasi (energoblok) qurilmoqda. Bu bug‘-gaz qurilmalarining umumiy quvvati 900 megavatt. Bu loyihaning umumiy qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etadi.
[gallery-12338]
Loyiha Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari asosida moliyalashtirilmoqda. Bosh pudratchilar Ispaniya va Yaponiyaning nufuzli kompaniyalari hisoblanadi. Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini va yana ko‘plab aholi punktlarini ishonchli elektr-energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilgach, korxonada qo‘shimcha 100-120 yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu loyihani 2025 yilda yakunlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslarini tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha ham “Talimarjon IES” AJda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. “Talimarjon IES” AJ ob’ektlariga shu kunga qadar 9 dona quyosh fotoelektr stansiyalari montaj qilindi. 8 donasining umumiy quvvati 18 kVt va 1 donasining quvvati 38 kVt jami 56 kVt. Shu kunga qadar ushbu fotoelektr stansiyalaridan 126790 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va o‘z navbatida 13444 metr kub tabiiy gaz, 46,95 million so‘m iqtisod qilingan.
Press-tur davomida jurnalistlar va “Talimarjon IES” AJ rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.