Ta’lim tizimi:mahalla va maktab hamkorligi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vaxobjon Rajabov Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalari vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda.
Andijon viloyati xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan 762 ta muassasada 597 ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qitishga ilg‘or va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, bilimli, yuksak ma’naviyatli yosh avlodni tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida yosh avlodga munosib ta’lim-tarbiya berish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimi vakillari oldiga o‘quvchi-yoshlarni nafaqat sifatli ta’lim olishlari, balki ularni yuksak ma’naviyatli, milliy qadriyatlarimizga, istiqlol g‘oyalariga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ulari asosida tarbiyalash yuzasidan ham qator vazifalar qo‘yilgan. Bu borada "Ta’lim maskanlaridan ziyo nurlari taralmog‘i zarur" g‘oyasi asosida qator ishlar olib borilmoqda. Ana shu g‘oya asosida, qolaversa, belgilangan yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlash, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, xususan, mahallalarda yoshlar bilan bevosita ishlash, ularning faolligini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari, mutaxassislari bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda belgilangan yo‘nalishlardagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish, o‘quvchi-yoshlarning biror kasb-hunar bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikma olishlariga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalari atroflicha muhokama etildi.

– Mahalla – maktab hamkorligini yanada mustahkamlash zarur, – deydi vazir o‘rinbosari V. Rajabov. – O‘quvchilar darsdan keyingi bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maktablarning faollar zali, sport maydonchalari va kutubxonalariga kelib, sport yoki kitob o‘qish bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilishi lozim. O‘quvchilar uchun ana shu maskanlar eshigi hamisha ochiq turishi muhimdir.
Vazir o‘rinbosari mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi.

Kunning ikkinchi yarmida vazir o‘rinbosari Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablari rahbarlari, mutasaddilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda maktablarda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun ilg‘or tajribalardan keng foydalanish, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kitobxonlikni yanada rivojlantirish, o‘quvchilar o‘rtasida ko‘ngilsiz, salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish, davomatni yaxshilash, o‘qituvchi nufuzi, maktab direktori imidjini oshirish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Vazir o‘rinbosari uchrashuvlarda ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA