Bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda ta’lim tizimini isloh qilish va uning sifatini oshirish masalasi eng dolzarb va ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Qayd etish kerakki, ta’lim tizimi har qanday mamlakatning barqaror rivojlanishi, innovatsion taraqqiyoti va inson kapitali raqobatbardoshligining asosiy poydevori hisoblanadi.
YUNESKOning ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga qadar xalqaro xamjamiyatda 44 millionga yaqin yangi o‘qituvchiga ehtiyoj vujudga kelishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ta’limning sifatini oshirish va uni barcha uchun teng darajada ta’minlash BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan to‘rtinchisi sifatida e’tirof etilgan va global ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu nuqtai nazardan, Yangi O‘zbekistonda mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida ta’lim sohasini isloh qilish va uni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2025 yil 15 may kuni Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan maktab ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi va uni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi. Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.
Ushbu islohotlar ta’lim tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlarning mehnat sharoitlarini va ijtimoiy himoyasini tubdan yaxshilashga qaratilgan. Bu chora-tadbirlar ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchi va tarbiyachilarning nufuzini yuksaltirish, yosh avlodning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining innovatsion rivojlanishi, zamonaviy o‘quv dasturlari va pedagogik yondashuvlarni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar shakllantirilmoqda. Umuman, amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning barqaror taraqqiyoti va raqobatbardosh inson kapitali shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Dalatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kelgusi uch yilda barcha professor-o‘qituvchilarni chet elda o‘qitiladi hamda "TOP-100"talik universitetlarda malaka oshirish va ta’lim xizmatlarini olish to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida bo‘ladi.
Bu yondashuv, birinchi navbatda, pedagog kadrlarning tajribasini oshirish, ta’lim sohasidagi eng ilg‘or metodika va innovatsiyalarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishi ularning ilg‘or o‘quv dasturlari va ta’lim texnologiyalarini O‘zbekiston ta’lim tizimiga joriy etish imkonini beradi.
Yana bir muhim qadam sifatida "Prezident iqtidorli farzandlari" milliy dasturining boshlanishi hamda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etilishi bo‘ldi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda iste’dodli yoshlarning ilmiy va akademik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, sohadagi keng qamrovli islohotlar kelajakda O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanishini, sifat va raqobatbardoshligini oshirishini ta’minlaydi. Bu jarayon mamlakatimizda yosh avlodni tarbiyalash va inson kapitali salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
F.Muhitdinova