Ta’lim tizimida matbuot xizmatlari faoliyati tubdan o‘zgaradi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova vazirlik tizimidagi hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari hamda Pedagogik mahorat markazlari matbuot kotiblari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ta’lim tizimidagi matbuot xizmatlari faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish, jamoatchilik bilan muloqot samaradorligini oshirish va axborot siyosatida yangi yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Vazir bugungi globallashuv sharoitida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga sodda, tushunarli va ta’sirchan tarzda yetkazish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlar va muammolarga tezkor, xolis hamda asosli munosabat bildirish axborot xizmatlari oldida turgan ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Tadbir yakunida matbuot kotiblari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda sohadagi mavjud muammolarni tizimli hal etish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 9–10-iyun kunlari “Zamonaviy matbuot xizmati: strategik kommunikatsiyalar va raqamli kontent” mavzusida o‘quv-treninglari tashkil etilmoqda. Unda vazirlikning hududiy boshqarmalari, Pedagogik mahorat markazlari hamda tizim tashkilotlari matbuot kotiblari ishtirok etmoqda.

O‘quv-treninglar Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bazasida tashkil etilgan bo‘lib, ular axborot sohasidagi mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA