Ta’lim, tibbiyot tashkilotlari yerlarini xususiylashtirishni taqiqlash lozim – “Adolat” SDP
Mamlakatimizning barcha hududlarida maktab va bog‘chalarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Shuningdek, aholi sonining o‘sishi esa ta’lim va tibbiyot tashkilotlariga tegishli yer uchastkalarini saqlab qolish masalasining ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Bunday himoya mexanizmi aholining dam olishi va madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish uchun foydalaniladigan yerlarga nisbatan allaqachon joriy etilgan. Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalariga tegishli yer uchastkalari esa hozircha ushbu himoya doirasiga kiritilmagan va mazkur masala “Adolat” SDP e’tibori markazida turibdi.
Ochiq manbalarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, birgina poytaxtda 243-son umumta’lim maktabi nomiga rasmiylashtirilgan ob’ekt 2020-yilda ochiq auksionsiz xususiy kompaniyaga sotilgan. Sobiq Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji majmuasi hamda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining binolari va ularga biriktirilgan yer uchastkalari esa joriy yilda elektron savdolarga qo‘yilgan.
Bu faqat ma’lum bo‘lgan holatlar. Ta’lim va tibbiyot tashkilotlariga tegishliligi ko‘rsatilmasdan begonalashtirilgan ob’ektlarning soni va ko‘lami haqida yaxlit ma’lumot ochiq manbalarda mavjud emas.
Shu bilan birga, ushbu ob’ektlarda qonunga zid ravishda qurilish ishlari olib borilishi va insonlar jarohat olganlik hamda aholi yashaydigan hududda xavfli vaziyat yuzaga kelganlik holatlari ham mavjud.
Ushbu ma’lumotlar ijtimoiy ahamiyatga ega yer uchastkalaridan foydalanish masalasi alohida e’tibor va puxta yondashuvni talab etishini ko‘rsatadi. Bunday sharoitda mavjud ta’lim muassasasi yerining xususiy tadbirkorga o‘tkazilishi mantiqqa ham, ijtimoiy adolat tamoyillariga ham ziddir. Shu bois, ta’lim va tibbiyot muassasalariga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda begonalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, ularni davlat mulki sifatida saqlab qolish maqsadga muvofiqdir.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ta’lim va tibbiyotga oid davlat ob’ektlari va ularning hududlarini sotish, xususiylashtirish yoki begonalashtirishni qonun bilan taqiqlash, bunday harakatlar uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqilishini tashabbus qiladi.
Shu bilan birga, partiya Hukumatni quyidagi choralarni ko‘rishga chaqiradi:
– so‘nggi yillarda ta’lim va tibbiyot tashkilotlari balansidan chiqarilgan barcha ob’ektlar va yer uchastkalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, noqonuniy harakatlar aniqlangan taqdirda qonun doirasida chora ko‘rish;
– investitsiya majburiyatlari sharti bilan sotilgan ob’ektlar bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini nazorat qilish hamda ular bajarilmagan yoki ob’ektning maqsadli vazifasi o‘zgartirilgan taqdirda mulkni davlat ixtiyoriga qaytarish mexanizmini takomillashtirish.
Ta’lim va tibbiyot tashkilotlarining binolari hamda yerlari ijtimoiy strategik resurs hisoblanadi. Ular kelajak avlod manfaatiga xizmat qilishi shart.
“Adolat” SDP matbuot xizmati, O‘zA