Bugun har bir ota-ona o‘z farzandining kelajagini ta’lim bilan uyg‘un ko‘rmoqda. Imkon qadar o‘g‘il-qizini yaxshiroq muallimga berib, puxta bilim olishi yo‘lida astoydil harakat qilmoqda.
Prezidentimizning ta’lim sohasiga qaratayotgan e’tibori zamirida ham ulg‘ayib kelayotgan avlodni bilimli, ma’rifatli shaxs etib tarbiyalash, mamlakatimiznini eng taraqqiy etgan davlatlar safiga qo‘shishdan iboratdir.
Mamlakatimizda ta’limga, o‘qituvchi kasbiga qaratilayotgan e’tibor xususida ma’rifat darg‘alari quyidagi fikrlarni bildirdilar.

Anora Mahmudova, O‘zbekiston Qahramoni, Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 5-maktabning o‘qituvchisi:
– Men oltmish yillik o‘qituvchilik ish tajribasiga egaman. Gurlan tumanidagi 1-maktabda ish boshlaganman. Otam – o‘qituvchi, onam–dongdor paxtakor bo‘lganlar. Inson bolalikdan niyatni pok va yaxshi qilishi kerakligini doim o‘quvchilarga uqtirib kelamiz. Zero, bolalikdagi toza va ezgu niyatlar kelgusida o‘quvchilarni katta va yuksak marralar sari yetaklaydi. Prezidentimiz Shavkat Miirziyoyev tashabbusi bilan bugun mamlakatimizda o‘qituvchilik kasbining nufuzi va obro‘sini yuksaltirish yo‘lida misli ko‘rilmagan qadamlar tashlandi. Biz - o‘qituvchilar jonajon O‘zbekistonimizning jahon mehvaridan joy olishi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz. Barcha sohalar rivoji baribir kelib o‘qituvchi faoliyatiga taqaladi. 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni o‘zgacha shukuh va tantana bilan nishonlanmoqda. Ushbu bayram munosabati bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirlarda bir olam taassurotlar oldik. Ularni har birimiz joylarda o‘z maktabimizda hamkasblarga, o‘quvchilarga albatta yetkazamiz.

Shavkat Ayupov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori:
– Meni matematikaga qiziqtirgan inson ham oddiy maktabning o‘qituvchisi. Biz o‘qigan davrlarda ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘lmasdi. Oddiy umumta’lim maktabida tahsil olganmiz. Jahonning buyuk matematiklari – Al-Xorazmiy, Beruniy kabi siymolar bizning ajdodlarimiz. Zamonaviy matematika yo‘nalishida 20-asrdan boshlab Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov kabi olimlarimiz katta maktab yaratganlar. Yaxshi maktab yaratish albatta, o‘qituvchiga bog‘liq. Bizning O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetini tamomlagan yoshlar bugun AQSHdagi nufuzli universitet bitiruvchilari bilan bemalol bahslasha oladi. Shu sababli ular eng nufuzli lavozimlarda ishlamoqdalar. 2016 yil 30 dekabrda Prezidentimiz mamlakatimiz olimlari bilan uchrashuvda ilm-fanni saqlab qolish uchun nima qilish kerakligi haqidagi savolni o‘rtaga tashladilar. Ayni muloqot natijasida Matematika instituti qayta tiklandi. Yurtimizning 5 ta shahrida uning filiallari ochildi. Matematika bo‘yicha yosh iqtidorlarni tanlashda o‘tgan yillar mobaynida katta o‘sish bo‘ldi. Hozir fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashayogan yoshlarni rag‘batlantirish, ularga motivatsiya berishga katta e’tibor qaratilmoqda. Oilalar farzandining kelajigini puxta bilimda ekanini tushunishdi. Holbuki, bir paytlar yoshlar aynan matematikasi yo‘q yo‘nalishlarga hujjat topishirishga urinar edilar. O‘qituvchilar bolalarga matematikaga qiziqtira olishi kerak. Shundagina matematika ular uchun zerikarli va murakkab fan bo‘lmay qoladi. Jamiyatda ta’limga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.

Xolboy Ibragimov, Qori Niyoziy nomli Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori:
– Davlatimiz rahbari Mustaqilligimizning 33 yillik tantanalarida yangi O‘zbekistonni yaratishda beshta muhim jihatni sanab, bunda sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratdi. Institutimiz yaqindagina tashkil etildi. Prezidentimiz o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida tarbiya masalalari oqsayotganini kuyinchaklik bilan ta’kidlagandilar. Yaxshi farzand – tarbiyaning hosilasi. Farzand tug‘ilganida tarbiyani 4 yoshgacha olishini Ibn Sino o‘z ilmiy manbalarida aytib ketgan. Jadidlar 100 yillar avval orzu qilgan g‘oyalar endi o‘z amaliy ifodasini topmoqda.
Ma’rifatparvar bobolarimiz o‘zlari kamtar hayot kechirsalar-da, yurt farzandlarini bilimli bo‘lishi yo‘lida barcha sa’y-harakatlarini safarbar etganlar. Biz maktablar, malaka oshirish institutlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Bugungi kunda malaka oshirish–ilmiy tadqiqot – axborot-resurs markazidan iborat ilmiy klasterining yaratilgani diqqatga sazovor.

G‘ayrat Shoumarov, “Profi University” nodavlat oliygohi rektori:
– Yoshlarimiz bilimga juda chanqoq. Shu sababli keyingi yillarda ko‘plab nodavlat oliy o‘quv yurtlari tashkil etilib, ularning malakali bilim olishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ko‘p yillar avval malaka oshirish instituti, keyin Jahon tillari universitetida ishlaganimda gollandiyalik hamkasblar bilan suhbat chog‘ida ularning “Biz aslida sizlardan saboq olishimiz kerak ekan”, degan e’tirofini eshitganman. Ular moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan bo‘lsalar-da, lekin insoniylik jihatidan bizdan ancha ortda qolganlarini o‘zlari afsus bilan aytishgandi. Shu sabab bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan ta’lim-tarbiyada milliylikni saqlab qolishga katta ahamiyat qaratilayotgani ham bejiz emas. Shiddatli zamon pedagoglarga juda mas’uliyatli talablarni qo‘ymoqda. O‘qituvchining bilimi bilan birga bolaga individual yondosha olish, unga xayrixohlik, do‘stona munosabatda bo‘lishdek shaxsiy sifatlari ham bo‘lmog‘i kerak, deb bilaman.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.