Ta’lim sifatini oshirishga imkoniyat va salohiyat yetarli
Samarqandda “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida beshinchi “Ustozlar milliy forumi” o‘tkazildi.
Forumda Samarqand viloyati hokimi A. Boboyev, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori R. Xolmurodov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R. Yo‘ldoshevlar so‘zga chiqishib, viloyat ta’lim tizimidagi yangilik va o‘zgarishlar, erishilgan natijalar hamda yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdilar.

Ayni paytda viloyatda 1278 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 57 ta nodavlat maktab, 20 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda Prezident maktabi mavjud. Maktabgacha ta’lim tizimida esa 4303 ta tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida davlat va nodavlat bog‘chalar, davlat-xususiy sheriklik asosidagi muassasalar, oilaviy bog‘chalar hamda Ilk rivojlanish markazlari bor. Viloyatda 281 mingdan ortiq bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan va qamrov darajasi 68,6 foizni tashkil etmoqda. Bu yil 922,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga 138 ta maktab, 66 ta bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Buning natijasida maktablarda 33,4 mingta, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5,3 mingta qo‘shimcha o‘rin paydo bo‘ladi. Mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar hisobiga 100 ga yaqin maktablar joriy ta’mirlandi va 400 ga yaqin maktabga o‘quv va sport jihozlari olib berildi. Bundan tashqari, 41 ta maktabda homiylar tomonidan 34 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar hisobiga qo‘shimcha ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

– Yurtimizda ta’lim sohasiga, o‘quvchi-yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga qaratilayotgan e’tibor tufayli samarqandlik yoshlar ham bilim va salohiyatini oshirib, yuqori natijalarga erishmoqda, – dedi viloyat hokimi A.Boboyev. – Joriy yil maktab bitiruvchilarimizning 2 ming nafarga yaqini milliy va 1,5 ming nafardan ortig‘i xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Jumladan, bitiruvchilarning 171 nafari 5 tadan ortiq, 432 nafari 4 tadan, 894 nafari 3 tadan milliy sertifikatga ega bo‘lishdi. Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 7 nafar o‘quvchimiz munosib ishtirok etib, 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi va Samarqand viloyati jamoasi respublika bo‘yicha umumjamoa hisobida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi ham avvalgi yillarga nisbatan oshib, 13 ming 499 nafar o‘g‘il-qizlarimiz (bitiruvchilarning 26 foizi) oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘ldi. Lekin mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanib, bu ko‘rsatkichlarni yana ham oshirishimiz mumkin. Chunki maktab va bog‘chalar soni bo‘yicha viloyatimiz respublikada eng katta hudud hisoblanadi, 5 ming dan ortiq muassasamiz bor. Ularda 72 mingdan ortiq o‘qituvchi va tarbiyachilar faoliyat yuritishmoqda. Yangi o‘quv yilida ularning barchasini sifatli ta’limni amalga oshirishga yo‘naltiramiz va Samarqand viloyatini namunali hududga aylantiramiz, bunga salohiyatimiz ham, kuchimiz ham yetadi.


Forumda viloyatdagi maktablarning faol va tashabbuskor o‘qituvchilari viloyat hokimligining tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Ustozlar milliy forumi ishtirokchilari 9 yo‘nalish bo‘yicha shu’ba yig‘ilishlarida yangi o‘quv yilida pedagoglar oldida turgan vazifalar, yangi dars uslublari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va boshqa masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri