Ta’lim sifatini oshirish – asosiy vazifa
Xorazm viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining navbatdagi hay’at yig‘ilishida 2025 yil davomida umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, jumladan pedagog kadrlar attestatsiyasi, fan olimpiadalari hamda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
– Xorazm viloyatida 560 ta davlat, 33 ta nodavlat maktab mavjud bo‘lib, ularda 372 ming 48 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, – deydi Xorazm viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamro Bektemirov. – O‘quvchilarimizga 33 ming 848 nafar pedagog ta’lim va tarbiya berib kelishmoqda. Pedagoglarimizning 6 ming 660 nafari oliy toifali bo‘lib, 9 ming 472 nafar pedagog malaka oshirish kurslaridan o‘tgan. Darvoqe, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi bo‘yicha so‘nggi yillarda Xorazm viloyati Respublikada yetakchilik qilib kelmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, viloyatdagi bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi 2024 yil uchun 56,1 foizdan 2025 yilda 57,2 foizga ko‘tarildi. Natijada oliy ta’limga kirish o‘tgan yilgiga nisbatan 1,1 foizga, o‘rtacha kirish balli esa 80,9 ga yetib, oldingi yilga nisbatan 4,1 ball o‘sgan.
Shuningdek, yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida o‘tkazilgan tadbirlar va ko‘rik-tanlovlar natijadorligi, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilgan ishlar muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida 2025 yilda moliyaviy masalalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan atroflicha tahlillar berildi.
[gallery-27070]
Hay’at a’zolari tomonidan ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, ta’lim sifatini yanada oshirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini kuchaytirish va moliyaviy intizomni mustahkamlash bo‘yicha tegishli qaror va topshiriqlar qabul qilindi.
Tadbir yakunida faoliyati samarali bo‘lgan ta’lim muassasasi direktorlari rag‘batlantirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari