Ta’lim sifati yuksalmoqda
Andijon davlat chet tillari institutida xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘quv jarayonlariga xorijlik mutaxassislarni jalb etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ana shu yo‘nalishda AQSHning “Pinnacle Teaching Solutions” tashkiloti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ijobiy natijalar bermoqda.
Xususan, “Pinnacle Teaching Solutions” tashkiloti bilan “Engage-2026” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyiha institutdagi o‘quv jarayonlariga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ta’lim sifatini oshirish, malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu dastur talabalarning til o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning metodik mahoratini oshirishga qaratilgan loyiha hisoblanadi. Dasturning asosiy maqsadi, ingliz tili o‘qitishning innovatsion usullarini joriy etish va talabalarda global mehnat bozoriga moslashuvchanlikni shakllantirishdan iborat.

Dastur doirasida institutga AQSH va boshqa davlatlardan xalqaro miqyosda e’tirof etilgan 5 nafar tajribali ingliz tili mutaxassisi tashrif buyurgan. Ular institutdagi o‘quv jarayonlariga to‘laqonli integratsiya qilingan bo‘lib, samarali ish olib bormoqda.
Xorijlik mutaxassislar faoliyati davomida xalqaro standartlar darajasida akademik matnlar tayyorlash va argumentativ nutqni shakllantirish, institut o‘qituvchilari uchun “Teaching methodology” bo‘yicha mahorat darslari tashkil etish, til o‘rganish jarayonini madaniy kontekst bilan boyitish orqali talabalarning dunyoqarashi kengaymoqda.

Dastur doirasidagi mashg‘ulotlar, xorijlik mutaxassislar tomonidan qo‘llanilayotgan “Student-centered learning” (Talabaga yo‘naltirilgan ta’lim) yondashuvlar darslarning jonli va interaktiv ruhda o‘tishini ta’minlamoqda.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.