Ta’lim olish huquqi har bir insonning fundamental huquqlaridan biri hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham ta’lim olish huquqi alohida huquq normasi (50-modda) sifatida mustahkamlangan. Mazkur huquq ko‘plab xalqaro hujjatlarda e’tirof etiladi. 1948 yil 10 dekabrdagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida, 1966 yil 16 dekabrdagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 13-14-moddalari, 1950 yil 4 noyabrdagi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi 1-sonli Protokolining 2-moddasi, 1960 yil 14 dekabrdagi Ta’lim sohasidagi kamsitishlarga qarshi kurashish Konvensiyasining 1-7-moddalarida aks ettirilgan.
Ta’lim olish huquqining Konstitutsiya darajasida qayd etilishi yuksak ahamiyat hamda ulkan ma’no-mazmun kasb etadi. Zero, bugungi kundagi eng qimmat resurs – inson kapitalining yaratilishida ta’lim tizimining o‘rni beqiyos hisoblanadi.
Ta’lim olish huquqi o‘z mohiyatiga ko‘ra shaxsning sub’ektiv huquqi, chunki butun jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib, bilim, malaka va kompetensiyaga ega bo‘lishda davlat tomonidan ta’minlanadigan tashkiliy imkoniyatlar mavjud bo‘lishini kafolatlaydi.
Mamlakatimizda ta’lim olish huquqining Asosiy qonun darajasida mustahkamlanishi bu boradagi davlat siyosati naqadar ahamiyatli ekanligi va jamiyatning ta’lim darajasini oshirish mamlakatimiz oldida turgan eng asosiy maqsadlardan biri ekanligidan dalolat beradi.
Jahon standartlariga muvofiq, ta’lim olish huquqini ta’minlashda "4A” tizimiga asoslanish lozimligi belgilanadi. Bunda “ta’lim tizimining mavjudligi”, “barcha shaxslar teng foydalana olishi” , “qabul jarayonlarining ochiqligi” va “ta’lim tizimining zamonaviy tendensiyalarga moslashuvchanligi”ga barcha davlatlar amal qilishi va shu asosida ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yishi talab etiladi.
BMT tomonidan ishlab chiqilgan mazkur me’yorlar mamlakatimizning ta’lim tizimida to‘liq qo‘llaniladi.
Shuningdek, ta’lim olish huquqi umum tan olingan bir necha prinsiplarni o‘z ichiga oladi:
Xalqaro umum e’tirof etilgan hujjatlarni tadqiq etish orqali ishlab chiqilgan mazkur prinsiplarni ko‘rib chiqish asnosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida mazkur prinsiplarning barchasi mujassamlashtirilganligiga guvoh bo‘lish mumkin.
Konstitutsiyamizda alohida normaning belgilanishi va davlat rahbarining olib borayotgan bu boradagi siyosati natijasida ta’lim bo‘yicha bir nechta xalqaro reytinglarda mamlakatlarimizning o‘rni yuqorilab bormoqda. Jumladan, 2022-2023 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 72 foizga, MTTlar soni 5211 tadan 29 mingdan ziyodga yetkazildi. Ayni vaqtda esa dunyoda jami 300 millionga yaqin bolalar ta’lim olish huquqidan mahrum bo‘lmoqda.
2022 yilda “Finance inquirer” nashri bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi dinamikaga ega bo‘lgan dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlatni e’lon qildi. Unda O‘zbekiston jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Muxtasar qilib aytganda, ta’lim sohasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar kelajakda O‘zbekistonning ilm-fan sohasidagi muvaffaqiyat cho‘qqilarini egallashiga xizmat qiladi.
Akbar Tojiboyev,
Toshkent davlat yuridik universiteti dekan o‘rinbosari.