Ta’lim muassasalarida “Mustaqillik soatlari” tashkil etiladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik soatlari”ni yuqori saviyada tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati hamda Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda ta’kidlanganidek, mustaqillik har bir xalq va davlatning eng oliy qadriyati bo‘lib, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam asosi hisoblanadi. Bugungi globallashuv, mafkuraviy tahdidlar va murakkab geosiyosiy jarayonlar kuchayib borayotgan sharoitda mustaqillik va tinchlikning qadrini anglash, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazish muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
[gallery-29441]
Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbaring 2026-yil 2-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan “Mustaqillik soatlari” yosh avlodni vatanparvarlik, milliy g‘urur va fidoyilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Seminar ishtirokchilari “Mustaqillik soatlari”ni mazmunan boy, ta’sirchan va hayotiy ruhda tashkil etish yuzasidan fikr almashdi. Mashg‘ulotlarda interaktiv usullar, innovatsion pedagogik yondashuvlar, multimedia vositalari va zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, “Mustaqillik soatlari” shunchaki an’anaviy tarbiyaviy mashg‘ulot emas, balki o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga undaydigan jonli ma’naviy-ma’rifiy muloqot maydoniga aylanishi lozim.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari hamda maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Zoom platformasi orqali masofaviy ishtirok etdi.
Seminar davomida “Mustaqillik soatlari”ni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi, tajriba almashildi.
Kamola Yusupova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA