Ta’lim muassasalarida Avgust kengashlari bo‘lib o‘tmoqda
Sanoqli kunlardan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanadi.
Shu sababli ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida olib borilmoqda. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ham “Oliy pedagogik ta’limda yangi mazmun, yangi sifat” mavzusida pedagogik oliy ta’lim muassasalarining Respublika avgust kengashi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, pedagogika oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, umumta’lim maktablari hamda ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Kengash davomida Respublikadagi pedagogik oliy ta’lim mazmuni, yondashuvlari va tashkil etishdagi yangiliklar, oliy pedagogik ta’limda 2020-2021 o‘quv yili yakuniy natijalari, o‘quv rejalardagi o‘zgarishlar va optimallashuv, muammolar va yechimlar, pedagogik oliy ta’limda kredit-modul tizimida o‘qitish bo‘yicha dastlabki tajriba va pandemiya sharoitida ta’limdagi o‘ziga xosliklar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
“Oliy pedagogik ta’limda yangi mazmun, yangi sifat” mavzusidagi pedagogik oliy ta’lim muassasalarining Respublika avgust kengashi yalpi majlis va shu’ba yig‘ilishlarida qilingan ma’ruzalar va muzokaralarda bildirilgan fikrlar inobatga olinib, bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, pedagogik oliy ta’lim muassasalarining 2021-2022 o‘quv yilidagi asosiy vazifalari etib mutaxassislik fanlarini o‘qitishga doir dasturiy vositalar, elektron ta’lim resurslarini yaratish, ularni aprobatsiyadan o‘tkazish, natijalarni sarhisob qilishda turdosh OTM va umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan hamkorlikni tashkil qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish sharoitida ta’limda striming va geymifikatsiyadan foydalanishga yo‘naltirilgan metodik ishlarni tizimli tashkil qilish (anjuman, onlayn kurslari, seminar-treninglar tashkil qilish). Bundan tashqari, mutaxassislik fanlaridan salohiyatli kadrlarni jalb qilishda respublika OTM va yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash asosida o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatish, OTM va OTMlararo metodik kengashlarda kredit-modul tizimi bo‘yicha o‘qitishning borishini muntazam tahlil qilish (semestrlar mobaynida uchragan muammolar yechimlarini ishlab chiqish, taktik va strategik takliflar kiritib borish kabi vazifalar muhokama etildi. Shu bilan bir qatorda, OTM va OTMlararo metodik kengashlar faoliyatini rivojlantirish va pandemiya davrida on line – off line gibrid ta’lim berishga yo‘naltirilgan strategik harakatlarga muntazam tayyorgarlik ko‘rib borish,muhim dasturiy vositalar, elektron darsliklar, test topshiriqlarini yaratish va OTM platformalariga joylashtirib borish bo‘yicha qaror loyihalari tasdiqlandi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA