Mamlakatimizdagi qator tijorat banklari tomonidan barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari talabalari uchun ta’lim kreditlari ajratiladi. Kredit ish joyiga ega bo‘lmagan talabalarga ham beriladi. Buning uchun ularga kafil kerak bo‘ladi. Talaba ta’lim krediti summasini o‘qishni bitiriganidan so‘ng 7 yil davomida qaytarishi mumkin.
Ta’lim krediti barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari, shu bilan birga, davlat, xususiy va xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi filiallari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat, magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan yoki tavsiya etilgan, o‘qishini ko‘chirgan hamda ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘qiyotgan barcha kurs talabalariga ajratiladi.
Ta’lim kreditini olishda xotin-qizlar uchun qanday imtiyozlar bor?
Xalq banki axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu kredit talaba qizlarimiz uchun “foizsiz” shartlarda ajratiladi. Faqat buning uchun ularga kafil kerak bo‘ladi. Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga garov va kafillarsiz foizsiz kreditlar ajratiladi.
Foizsiz ta’lim kreditlarini qaysi banklardan olish mumkin?
Belgilangan tartibga ko‘ra, “Mikrokredit bank”, “Asaka bank”, “Agrobank”, “Xalq banki”, “Ipoteka bank”, “Qishloq qurilish bank”, “Turon bank”, “Oriyent finans bank”, “Milliy bank”, “O‘zsanoatqurilishbank", “Hamkorbank” hamda “Aloqa bank” orqali foizsiz ta’lim kreditlarini olish mumkin.
Ta’lim krediti rasmiylashtirish uchun Xalq bankining barcha filiallarida joriy yilning 9-10-16-17 sentyabr, ya’ni dam olish kunlari ham arizalar qabul qilinadi.
Xususan, Xalq banki tomonidan shu vaqtga qadar jami 83 mingga yaqin talabaga 848 milliard so‘mlik ta’lim krediti ajratildi. Shundan 70 foizi (yoki 59 351 nafar xotin-qizlarga 590 mlrd so‘mlik) xotin-qizlarga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Joriy o‘quv yilining o‘zida 16 mingga yaqin talabaga 203 milliard so‘mlik ta’lim kreditlari ajratildi. Shundan, 77 foizi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan imtiyozli ta’lim kreditlaridir.
Ta’lim kreditidan foydalanish uchun qanday hujjatlar topshirish lozim?
Talabalardan kreditning bu turidan foydalanishi uchun ariza, to‘lov-kontrakt shartnomasi, kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat, imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, “Mehribonlik" uylarida tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironligi bo‘lganlar, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lganlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi talab etiladi.
Kreditning yillik foiz stavkasi 14 foiz miqdorida (Xotin-qizlar uchun – foizsiz). Miqdori, har yilgi to‘lov kontrakt shartnomasi summasi va ta’minoti, jismoniy shaxs kafilligi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA