Ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislar jalb qilinmoqda
Mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar samarasida yurtimizdagi qator oliygohlar xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglaridan munosib o‘rin egallamoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatida ham bu islohotlar o‘z natijasini ko‘rsatayotir. Ta’kidlash joizki, yaqinda Buyuk Britaniyaning oliy ta’lim sohasiga oid muhim masalalarni yorituvchi va universitetlar faoliyatini baholab boruvchi Times Higher Education tashkiloti o‘zining navbatdagi THE Impact Ranking reytingi natijalarini e’lon qildi. Ushbu reytingda Toshkent davlat yuridik universiteti dunyoning 94 ta mintaqa va davlatlaridan qatnashgan minglab universitetlar orasida 401-o‘rinni egalladi. Toshkent davlat yuridik universiteti mazkur reytingda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari orasida eng yuqori natijani qayd etdi. Ushbu natijalar Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yillik yubileyi oldidan katta e’tirof bo‘ldi.

Darhaqiqat, universitetimiz jamoasi, professor-o‘qituvchilari ilm-fan ravnaqiga hissa qo‘shish, bugungi davr talabiga munosib yuridik kadrlarni tayyorlash borasida muhim qadamlarni tashlamoqda. Qayd etish lozimki, joriy o‘quv yilida universitetimiz o‘quv jarayoniga AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveysariya, Italiya, Avstraliya, Sloveniya, Polsha va Turkiya kabi rivojlangan mamlakatlarning yetakchi yuridik tashkilotlaridan 40 nafar xorijiy ekspertlar, oliy ta’lim muassasalarining professorlari jalb etildi. O‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lgan mutaxassislarning o‘quv jarayonlariga keng jalb etilishi ta’lim sifatini oshirishga, ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Shuningdek, malakali, raqobatbardosh yuridik kadrlarni tayyorlash imkonini kengaytiradi.
Universitetda bu boradagi ishlar keng ko‘lamda davom ettirilmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti Xorijiy tillar kafedrasi qoshida tashkil etilgan “Write Right” va “Start legal English” klublari tomonidan Amerikaning Texas universiteti Yuridik maktabi professori, yuridik fanlari doktori Devid Saymon Sokolov ishtirokida “Case analysis on contractual behavior” – «Shartnoma masalalari bo‘yicha ishlarni tahlil qilish» mavzusida vebinar tashkil etilmoqda. Ta’kidlash kerakki, Kolumbiya kolleji va Kolumbiya huquq fakultetini tugatgan janob Sokolov hozirgi kunda «Shartnomalar», «Xorijiy huquqshunoslar uchun shartnomalar» va «Biznes uyushmalari» modullaridan dars berib kelmoqda.
Shuningdek, Maribor universiteti professori, ko‘p yillik advokatlik tajribasiga ega, falsafa fanlari doktori Tomas Xeller tomonidan universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun “Mastering Legal English Terminology” onlayn mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar ingliz tilida huquqiy atamalarni o‘rganish, to‘g‘ri qo‘llay olish hamda sohaga oid manbalardan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu darslar davomida ingliz yuridik tilining o‘ziga xos tomonlari, muayyan terminlarning ishlatilish sirlari hamda ko‘plab boshqa bilimlarni egallash mumkin.
Muxtasar aytganda, ayni paytda Toshkent davlat yuridik universitetida ta’lim maskani yubileyini keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, ta’lim, ilm-fan sohasidagi sa’y-harakatlar yanada keng ko‘lamda davom ettirilmoqda. Barcha amaliy chora-tadbirlar kelgusida o‘z natijasini berishi, shubhasiz.
Yulduz Sayfullayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi.