Ta’lim, ijod va innovatsiya bir nuqtada jam bo‘ldi
Chirchiq davlat pedagogika universitetida San’atshunoslik fakultetining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy o‘quv yurti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar qatnashdi. Unda mazkur binoda yaratilgan sharoitlar, har bir kafedralar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar bilan tanishildi.

Ma’lumki, Prezidentimiz 1-iyun kuni madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi. Unda yosh iste’dodlar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham muhim choralar belgilandi. Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida “dual ta’lim” yo‘lga qo‘yiladi. Har bir talabaga taniqli ijodkorlar biriktirilib, ular yoshlarni konsert, teatr va tomoshalarda ishtirok ettirish orqali katta sahnaga tayyorlaydi. Ta’lim dasturlariga “Art-menejment”, “Kreativ industriya”, “Loyihalarni tijoratlashtirish” kabi zamonaviy mavzular kiritiladi.

– Mazkur tashabbuslarga qisman bo‘lsa ham javoban Chirchiq davlat pedagogika universiteti San’atshunoslik fakulteti binosi zamonaviy jihozlandi, – deydi Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori G‘ofurjon Muhamedov. – Binoning har bir qavati devorlarida san’atshunoslik ta’limida innovatsion muhit shakllantirildi. Yangi ta’lim texnologiyalari, o‘quv dasturlari, dars jarayonida talaba va pedagoglarga kerak bo‘ladigan raqamlashtirish va sun’iy intellekt vositalari asosidagi loyihalar jamlangan. Muhimi, mazkur binoga kirgan inson zerikmaydi. Bu sa’y-harakatlarimiz tufayli endilikda talaba bu dargohda o‘z oldiga nima maqsad qo‘ygan bo‘lsa erishishi kerak. Bu orqali o‘qituvchilarimizning ham tajribasi oshib boradi.

2021-yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur fakultetning asosiy maqsadi — tasviriy san’at, dizayn, muhandislik va kompyuter grafikasi, musiqa ta’limi yo‘nalishlarida bozor iqtisodiyoti hamda zamon talablariga mos, kreativ fikrlaydigan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh ijodkor-pedagog kadrlar tayyorlashdan iborat.

Universitetda Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, musiqa ta’limi, tasviriy san’at ta’lim yo‘nalishlari bor. Shu bilan birga, bitiruvchi talabalar magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ham o‘qishi mumkin.
Tadbir davomida ishtirokchilar har bir taqdimot bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA