Ta’lim diplomatiyasi mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi
Bishkek shahrida tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning fan, texnika va innovatsiyalar masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston uchun muhim muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qozog‘iston Respublikasi fan va oliy ta’lim vitse-vaziri Gulzat Kobenova hamda Qirg‘iz Respublikasi fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vaziri Gulzat Ismatova bilan uchrashib, mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Qozog‘iston tomoni bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda qo‘shma ilmiy tanlovlarni tashkil etish, yosh olimlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida oliy ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar bu tashabbuslar akademik mobillikni kengaytirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qirg‘iz Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuvda esa ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 90 dan ortiq memorandum va kelishuv imzolangani, professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda qo‘shma ilmiy loyihalar izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda “Bo‘lajak muhandislar” festivalini qo‘shma formatda o‘tkazish, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish, “Study in Uzbekistan” ta’lim ko‘rgazmasini Qirg‘izistonda tashkil etish kabi takliflar ham ilgari surildi. Shuningdek, muhandislik, IT, sun’iy intellekt, energetika va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida qo‘shma yozgi va qishki maktablarni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.
Muloqotlar yakunida Markaziy Osiyoda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida o‘zaro ishonch va integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA