Ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi (+video)
O‘rta-maxsus, kasbiy ta’lim tashkilotlari ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda Kasbiy ta’lim agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining ta’lim sifati uchun mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘rta-maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarida ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish, ekspertiza faoliyatining samaradorligini oshirish hamda ichki baholash tizimini yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar tomonidan bugungi kunda kasbiy ta’lim sifatini oshirish, xalqaro talablarga mos keladigan baholash tizimini joriy etish hamda akkreditatsiya jarayonlarining ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, kasbiy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati va kutilayotgan natijalar haqida fikrlar bildirildi.
Seminarning navbatdagi qismida ekspertlarning faoliyati va odob-axloq qoidalari masalasi keng yoritildi. Unda ekspertlarning mustaqilligi, xolisligi va professional yondashuvi akkreditatsiya jarayonining muhim omili ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, ekspertlar uchun belgilangan etik me’yorlar, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda baholash jarayonida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminar davomida ta’lim dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi batafsil tushuntirildi. Mazkur jarayonda o‘quv rejalari, fan dasturlari, o‘quv-uslubiy ta’minot, kadrlar salohiyati hamda moddiy-texnik baza kabi asosiy mezonlar asosida baholash olib borilishi qayd etildi. Amaliy misollar orqali ishtirokchilarga ekspertiza jarayonida uchraydigan holatlar va ularni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ikki marotaba savol-javob sessiyalari tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan javoblar orqali mavzular yanada chuqurroq ochib berildi hamda amaliy muammolarga yechimlar taklif etildi.
Kasbiy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga mosligi, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilganligi hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirning yakuniy qismida ichki baholash hisobotlarini tayyorlash va tahlil qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarga sifatli hisobot tayyorlashning asosiy talablari, xatoliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari tushuntirildi. Shuningdek, ichki baholash natijalaridan samarali foydalanish orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur seminar-trening ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayonlarini yanada takomillashtirish, ekspertlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda ta’lim sifatini ta’minlash tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan takliflar bildirdilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/olzVpQMUzM0?si=-ChRqbxGNG2PSdVq" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA