Talabaning fikri qay darajada tinglanmoqda?
Yurtimizda yangi o‘quv yili boshlanib, minglab talaba-yoshlarimiz oliy ta’lim dargohlarida katta umid va ishonch bilan o‘qishni boshlab yuborishdi. Bugungi kunda talabalar bilan ishlash, ularning taklif va murojaatlarini tinglash va hal qilish, ularni yangi g‘oyalar sari ruhlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish borasida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi direktori Abdumalik Akramov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
— Oliy ta’lim tashkiloti bilim berish bilan birga, shaxsni rivojlantirish, kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish, ijtimoiy faollikni oshirish, mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiladigan yaxlit akademik va ijtimoiy muhit. Bugun universitetni faqat auditoriyalar, ma’ruzalar va imtihonlar majmui sifatida tasavvur qilish tobora tor yondashuvga aylanmoqda. Shu ma’noda bugun talabaning ovozi ta’lim sifatini belgilay oladimi, uning fikri oliy ta’lim tashkilotidagi boshqaruv qarorlariga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi, talaba bildirgan muammo yoki tashabbus amaliy natijaga aylanyaptimi, kabi savollar zamonaviy oliy ta’lim oldida turgan eng muhim masalalardan biridir.
Bu borada joriy yilda ta’lim tashkilotlari rahbariyati va talabalar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni mustahkamlash maqsadida 4,5 mingdan ortiq uchrashuv o‘tkazildi. Talabalarning bo‘sh vaqtini namunali o‘tkazish maqsadida 2,4 mingdan ziyod sport musobaqalari tashkil etilib, ularda 300 mingdan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi. Bu raqamlar oliy ta’lim tizimida bevosita muloqot mexanizmi keng va muntazam tus olayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, oliy ta’limda yangi muloqot, hamkorlik va ijtimoiy faollik muhiti mujassam.
Xo‘sh, bu jarayonlarning asl samarasi nimada? Talabaning fikri qay darajada tinglanmoqda?
Bugun oliy ta’lim sifati faqat o‘quv mashg‘ulotlarining mazmuni yoki akademik natijalar bilangina emas, balki talaba uchun yaratilgan ijtimoiy-ma’naviy muhit, samarali qayta aloqa, psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslarni rag‘batlantirish va muammolarni manzilli hal etish mexanizmlarining qay darajada ishlayotgani bilan ham belgilanadi. Ana shu yondashuvni amaliyotga tatbiq etishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘ldi. Qarorda talabalar bilan ishlash, oliygohlarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit yaratish, yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Shu asosda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazildi va uning natijalari tahlil qilinib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Eng muhimi, bu dastur amalda bajarildi.
Bugungi tajriba bitta muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda — talabani tinglash maqsadning o‘zi emas, balki muammoni aniqlash va uni amaliy hal etishning boshlang‘ich nuqtasi. Tinglangan fikr muammoga, aniqlangan muammo esa amaliy yechimga aylangandagina haqiqiy natija yuzaga keladi.
Ana shu yondashuv asosida amalga oshirilgan ishlarni yetti asosiy yo‘nalishda ko‘rish mumkin.
Rahbar va yoshlar o‘rtasidagi muloqot – savoldan yechim sari. Sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit, avvalo, rahbariyat va talabalar o‘rtasidagi ochiq muloqotdan boshlanadi. Shu maqsadda oliy ta’lim tashkilotlarida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”, “Akademik va yoshlar uchrashuvi” kabi tadbirlar yo‘lga qo‘yildi. Mazkur uchrashuvlarning asosiy mazmuni talabalar muammo, taklif va tashabbuslarini bevosita rahbariyatga yetkazishi, ularni ochiq muhokama qilishi va bildirilgan takliflarni aniq chora-tadbirlar hamda amaliy yechimlar bilan bog‘lashdan iborat.
“Talaba Expo – 2026” tadbirlari doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarini misol qilib olaylik. Samarqand viloyatida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 12 mingga yaqin talaba-yosh ishtirok etdi. Unda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Sport – sog‘lom raqobat va jamoaviylik maktabi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va ularni jismoniy faollikka keng jalb etish ham oliy ta’limdagi sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitning muhim tarkibiy qismi. Shu maqsadda talaba-yoshlar o‘rtasida futbol, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha “Rektor kubogi”, “Fakultet chempionati” kabi musobaqalarni tashkil etish amaliyoti kengaytirildi.
Xususan, joriy yilda respublika komissiyasi ishchi guruhi tomonidan Termiz davlat universitetida “Rektor kubogi” sport musobaqalarining tashkil etilishi o‘rganildi. Jarayonda sport tadbirlari bilan bir qatorda yoshlar bilan ishlash tizimi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham tahlil qilindi. Zamonaviy oliy ta’limda sportni alohida tadbir sifatida emas, balki yoshlarning ijtimoiy faolligi, jamoaviyligi, liderlik qobiliyati va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantiruvchi kompleks mexanizm sifatida ko‘rish lozim. Aytish mumkinki, “Rektor kubogi”, “Fakultet chempionati” va boshqa sport musobaqalari tashkil etilib, ularga 150 mingdan ziyod talaba-yosh qamrab olindi.
Milliy qadriyatlar – yoshlar ma’naviy kamolotining mustahkam poydevori. Globallashuv sharoitida yosh avlodning milliy o‘zligini anglash, tarixiy va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalanishi nihoyatda muhim. Shu maqsadda oliy ta’lim tashkilotlarida “Milliy qadriyatlar – ma’naviyat ko‘zgusi” shiori ostida turli ko‘rik-tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijodiy loyihalar tashkil etilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan “Yurtim qadriyatlari” Respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichida 6 ta jamoa milliy an’ana, qadriyat va urf-odatlar, kompozitsion musiqiy chiqishlar hamda jadidlar hayoti va ijodiga oid savol-javoblar bo‘yicha bellashib, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, xalq qo‘shiqlari, milliy raqslar va intellektual chiqishlar orqali o‘z bilim va ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida milliy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan 550 dan ortiq ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, 35 mingdan ziyod talaba-yosh qamrab olindi.
“Talaba – tyutor – psixolog – ota-ona” hamkorligida muammoli yoshlar bilan ishlashning samarali yechimi. Talabaning o‘zgarib qolgan kayfiyati, darslarga qiziqishining susayishi yoki jamoadan chetlashishi ba’zan oddiy holatdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa bunday belgilar ortida e’tibor va ko‘makka muhtoj muammo yashiringan bo‘lishi ehtimol. Shu bois, oliy ta’limda sog‘lom muhitni ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri – muammoni chuqurlashmasdan avval aniqlash va unga o‘z vaqtida munosabat bildirish. Bu jarayonda “Talaba – tyutor – psixolog – ota-ona” hamkorligi muhim mexanizmga aylanmoqda.
Tyutor talabaning ta’limiy va ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarni birinchilardan bo‘lib sezsa, psixolog uning ruhiy-emotsional holatini baholash va zarur yordamni ko‘rsatishga ko‘maklashadi. Ota-ona bilan hamkorlik esa vaziyatni oilaviy muhit bilan bog‘liq jihatlar nuqtai nazaridan chuqurroq o‘rganish imkonini beradi. Shunday ekan, oliy ta’lim tashkilotlarida psixologik xizmatni kuchaytirish, psixologik tadqiqot va so‘rovnomalar o‘tkazish, individual maslahatlar berish, profilaktik tadbirlar tashkil etish va tyutorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yoshlar yetakchiligi: ishtirokchidan tashabbuskor va loyiha rahbarigacha. Bugungi kun talabalari tadbirlarda tomoshabin yoki ishtirokchi bo‘lib qolmasligi kerak. Uning g‘oyasi eshitilishi, tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi, loyihasi esa amaliy natijaga aylanishi muhim. Shu maqsadda yoshlar bilan ochiq muloqotlarni kuchaytirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ochiq muloqotlarda belgilangan vazifalar asosida har haftaning payshanbasi “Yoshlar kuni” sifatida yo‘lga qo‘yilgani ham bu boradagi ishlarni muntazam tizimga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida “Tashabbuslar reestri”ni shakllantirish orqali yoshlarning g‘oyalari, loyihalari va ularning amalga oshirish jarayonini tizimli kuzatib borish mumkin. Chunki liderlik kichik bir g‘oyadan, dadil tashabbusdan va uni oxirigacha amalga oshirish mas’uliyatidan boshlanadi. Oliy ta’limda esa ana shu g‘oyalar tug‘iladigan va kelajak liderlari shakllanadigan muhit bo‘lishi kerak.
Talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlash: muammoni eshitishdan manzilli yordamgacha. Oliy ta’limdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning sog‘lomligi talaba-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoit va ularning huquq hamda manfaatlari qay darajada himoya qilinayotgani bilan ham belgilanadi. Shu bois, talaba-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan tizimli ishlar kuchaytirilmoqda. Xususan, homilador hamda yosh farzand tarbiyalayotgan talabalar uchun ta’limni davom ettirish va zarur hollarda masofaviy ta’limdan foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda. Talaba-qizlar bilan ochiq muloqotlar orqali ularning ta’lim, kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganish, psixologik qo‘llab-quvvatlash va bandlikka oid ehtiyojlari o‘rganilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, talabalar fikrini muntazam o‘rganish va ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, rahbariyat, tyutor, psixolog, ota-ona hamda talabalar hamkorligini kuchaytirish oliy ta’limda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishning muhim omilidir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA