Talabalarning “tog‘a”-yu “xola”si soliqdan ozod qilinadi
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish samaradorligini yuksaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina misol, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi 605-sonli qarori bilan “Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizom” tasdiqlangan.
Mazkur nizomga ko‘ra, OTMning faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan talablarga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Buning o‘ziga yarasha talablari bor. Avvalo, talaba va xonadon egasi o‘rtasida tuzilgan va davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi. Ushbu tartibning afzalliklarini bir oliygoh misolida tahlil qilishga harakat qildik.

O‘rin kam, talabgor ko‘p
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ayni paytda kunduzgi bo‘lim bakalavr ta’lim yo‘nalishida 9 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Agar tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qish istagidagi talabalarning ham bu safga qo‘shilishini e’tiborga olsak, umumiy raqamlar o‘zgarishi shubhasiz.
Shuni qayd etish lozimki, hozirda institutda 4 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, u 612 nafar talabani qamrab olishi mumkin. Yaqinda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan 350 o‘rinli talabalar turar joyini hisobga olganda ham kunduzgi bo‘limda o‘qiydigan va ijarada yashash istagini bildirgan hamma talabani ham yotoqxona bilan ta’minlash imkoni yo‘q. Ma’lumot o‘rnida: yangi o‘quv yilida talabalar turar joyida yashashga bo‘lgan ehtiyoj 200 dan ortiq. Ochig‘i, bu barcha oliy ta’lim muassasalarining asosiy muammolaridan biri hisoblanadi.
Imtiyozning egasi kimlar?
Xo‘sh, kimlarning oylik ijara to‘lovi qisman qoplab beriladi? Demak, bunda ariza topshirganlar orasida boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, vasiylik yoki homiylik belgilangan va oilaga tarbiyaga (patronat) olinganlar bu imkoniyatdan foydalanadi. Bundan tashqari, “Temir daftar”ga kiritilgan yoki onasi “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari, “Mehnat-migratsiya” dasturida ro‘yxatdan o‘tgan hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarning bolalari, oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlariga ham ijara puli qisman qoplab beriladi.
–Tajribadan kelib chiqib shuni aytishim lozimki, ko‘pchilik talabalar bu imtiyozlar faqat kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironlar uchun ekan deb o‘ylaydilar va bizga hujjat topshirishga uyaladilar, – deydi institut yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Azamat Xayriddinov. – Nizom talablarida, oliy ta’lim muassasasida o‘rnak ko‘rsatganligi va faol bo‘lgan talabalar, degan jumlalar ham qayd etilgan. Bu nimani anglatadi? Xalqaro, respublika, hudud va ta’lim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari, sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar g‘oliblari hamda fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida faol qatnashgan, jamoatchilik asosida targ‘ibot guruhlarida volontyorlik qilgan talabalar ham ijara bilan bog‘liq imtiyozlardan foydalana oladi.
Yana bir gap. Vazirlar Mahkamasining 605-sonli qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ijara huquqi asosida yashayotgan, biroq ijara to‘lovlari ushbu qarorda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan talabalar toifasiga kirmaydagan boshqa talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini ushbu oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Xo‘sh, ijara to‘lovlarining qancha qismi qoplab beriladi? Nizomga ko‘ra, ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir va yarim baravaridan oshmasligi lozim. Ya’ni Toshkent shahrida BHMning 1 baravari – 300 ming so‘m, qolgan hududlarda BHMning 0,5 baravari – 150 ming so‘m etib belgilangan.
Hech bir talaba ko‘chada qolmaydi
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganidan so‘ng oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, talabalarning ijara bilan bog‘liq muammolarini izchil o‘rganish va hal qilish imkoniyatlari kengaydi.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ham mazkur bo‘lim xodimlari tomonidan muntazam ravishda talabalar turar joyi va ijarada yashayotgan talabalarning shart-sharoitlari o‘rganib kelinmoqda. Bu borada so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda.
Oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish o‘quv yili davomida, ya’ni har yili 1 sentyabrdan 1 iyulgacha etib yoki o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘quv yilining davomiyligiga qarab belgilangan. Lekin imtiyoz hamma uchun emas.
– Ijara kompensatsiyasini olish uchun talaba o‘zi doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yashash joyidan tashqarida ijarada yashayotgan bo‘lishi kerak, – deydi QarMII talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limi boshlig‘i Oybek Dilov. – Buni ikkita misol bilan tushuntiramiz. Birinchidan, Qarshi shahrida doimiy ro‘yxatda turadigan talabaga ijara puli berilmaydi. Ikkinchidan, Qarshi shahriga nafaqat Qashqadaryoning boshqa tumanlaridan, balki boshqa viloyatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar ijara pulini olishga da’vogar bo‘lishi mumkin.
Birgina joriy yilning o‘zida institutda yanvar oyida 359 nafar talabaga 48 million 465 ming so‘m, fevralda 313 talabaga 42 million 187 ming 500 so‘m, mart oyida 40 million, aprelda 41 million so‘mdan ortiq mablag‘ ijarada yashayotgan talabalarga to‘lab berildi. May va iyun oylarida esa bu ko‘rsatkich jami 62 million so‘mdan oshiq mablag‘ni tashkil etdi.
Yangi o‘quv yili boshlanganiga bir hafta bo‘lgan bo‘lsa-da, talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limga 958 nafar talaba ijara masalasida murojaat qildi. Shundan 683 nafari ijara xonadonlariga joylashtirildi. 468 nafar yigit-qizlar talabalar turar joyidan qo‘nim topdi. Bundan tashqari, bo‘sh xonadonlar platformasi shakllantirilgan bo‘lib, yana 200 dan oshiq talabani ijaraga joylashtirish imkoniyati mavjud.
Talabaga qayishganni davlat ham siylaydi
– Men Jizzax viloyatidanman, – deydi iqtisodiyot fakulteti talabasi Charos Normamatova. – Ikki yildan buyon Qarshi shahridagi xonadonlardan birida dugonalarim bilan ijarada birga yashaymiz. Davlatimiz tomonidan ijara pulining bir qismi to‘lab berilayotgani bizga, ayniqsa, ota-onalarimizga juda katta yordam bo‘lmoqda.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, ijarada yashayotgan aksariyat talabalar ijarachining ismini bilishmaydi, shunchaki tog‘a, xola deb qo‘yishadi. Buni qarangki, ijara to‘lovi bilan bog‘liq imtiyozlardan nafaqat talabalar, balki ularning ushbu “tog‘a” va “xola”lari ham foydalanishlari mumkin. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining soliq solinmaydigan daromadlar haqidagi 378-moddasi 191-modda bilan to‘ldirilib, soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari ham qayd etilgan. Bu ham juda muhim qaror bo‘ldi. Sababi talabalarga qanchalik yengillik berilmasin, ijarachilar soliq to‘lashdan qochib, ular bilan ijara shartnomasini tuzmay kelishayotgan edi.
Bir so‘z bilan aytganda, ijarada yashayotgan talabalarning to‘lov bilan bog‘liq muammolarining davlat byudjetidan qisman barataraf etilayotgani, o‘z navbatida, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytiribgina qolmasdan, bilim olishga bo‘lgan intilishi yanada ortishiga sabab bo‘ladi. Eng asosiysi, talabaning o‘z ustida ishlashi, bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati kengayadi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.