Talabalar zamonaviy turar-joyga ega bo‘ldi
Namangan davlat universiteti talabalar yetti qavatli 650 o‘rinli turar-joy binosi qurib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimini isloh qilish borasidagi ijobiy o‘zgarishlar, xususan, talabalar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarni yaratish borasidagi xayrli ishlarni ta’kidladi.
– E’tiborlisi shundaki, 36 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazilgan mazkur bino oliygohimizning sof foydasi hisobidan amalga oshirildi, – deydi Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov. – Yirik qurilish ob’ekti moliyaviy mustaqillik tufayli talabalarga katta qulaylik va imkoniyat tariqasida barpo etildi. Universitetda joriy 2024-2025 o‘quv yilida jami 18 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Ularning 8 ming 225 nafari kunduzgi ta’lim olgani sababli, 2 ming 311 nafar talabaga turar-joy lozim.
Yangi qurilgan talabalar turar-joyida zamonaviy xonalar qatorida profilaktika inspektori xonasi ham bo‘lib, u barcha zarur mebel va kompyuter texnikalari bilan jihozlangan. Bu osoyishtalik posbonlariga talabalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni kuchaytirish borasida kutilgan natijalarga erishishlariga zamin hozirlaydi.
Adabiyotlar bilan yetarlicha jihozlangan axborot-resurs markazi esa yoshlarning fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishiga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, axborot texnologiyalari, shaxmat va pazandachilik to‘garaklari uchun ham maxsus xonalar tashkil qilinga. Bu talabalarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishini ta’minlabgina qolmasdan, ularni axborot texnologiyalari sohasida qo‘shimcha bilimga ega bo‘lishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, oshxona sirlarini o‘zlashtirib borishiga xizmat qiladi. Ushbu xonalarning barchasiga zarur texnika vositalari joylashtirilgan. Dars tayyorlash, oshxona, yuvinish xonalari ham eng so‘nggi rusumdagi jihozlar bilan ta’minlangan.
Qolaversa, yangi binoning tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, yotoqxona uzluksiz va tejamkor elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Binoning birinchi qavatida mustaqil o‘quv xonasi, oshxona, tibbiy xizmat xonasi, sport-sog‘lomlashtirish hamda maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari joylashtirilgan. To‘rtta xona esa jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar uchun moslashtirilgan. Bu jihat binoning qurilish jarayonidayoq loyihalashtirilgan bo‘lib, bu nogironligi bo‘lgan talabalarning dam olish, ovqat tayyorlash, yuvinish xonalaridan foydalanishlarida qiyinchilikka uchramasligini ta’minlaydi.
[gallery-20162]
Universitet rahbariyati tomonidan kelgusida yana 1200 o‘rinli talabalar turar-joy binosini bunyod etish rejalashtirilgan. Buning natijasida esa ikki ming talabaning turar-joyga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.