Talabalar va pedagoglar uchun qulaylik
Jizzax pedagogika institutining rekonstruksiya qilingan o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Qaror va ijro
Jizzax pedagogika institutining rekonstruksiya qilingan o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Jizzax davlat pedagogika instituti mamlakatimizning yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri. Institutda kunduzgi bo‘limda 27 ta yo‘nalish bo‘yicha 8 mingdan ziyod, sirtqi bo‘limda 11 ta yo‘nalish bo‘yicha 3 ming 361 nafar bakalavr va 18 ta mutaxassislik bo‘yicha 291 nafar magistrant, 7 ta ixtisoslik bo‘yicha 9 nafar tayanch doktorant va 10 nafar mustaqil izlanuvchi tahsil olmoqda. Ularga 524 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim berayotir.
Institut binosi keyingi yigirma yil davomida ta’mirlanmaganligi tufayli bir qator muammolar yuzaga kelgan edi. Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida institutning bosh o‘quv binosi rekonstruksiya qilinishi, madaniyat saroyi kapital ta’mirlanishi muassasa hayotida katta yangilik bo‘ldi. Jami 47 milliard 300 million so‘mlikdan ortiq rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi natijasida talaba va pedagoglarga katta qulaylik yaratildi.
Rekonstruksiya hamda kapital-ta’mirlash ishlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi buyurtmasiga asosan “Global trans qurilish montaj” MChJ pudrat korxonasi tomonidan amalga oshirildi.
Bosh o‘quv korpusi va madaniyat saroyini rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirish marosimida Prezidentimizning oliy ta’limni rivojlantirishga berayotgan katta e’tibori tufayli institutda yoshlarning ta’lim olishi uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgani alohida ta’kidlandi.
– Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulaylik va imkoniyatlar har tomonlama yetuk pedagog kadrlar tayyorlashning kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi institut rektori Abdug‘ani Xolbekov. – Keyingi uch yilda institut talabalaridan 12 nafari respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘ldi. Ayni paytda 700 million so‘mlik innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Moskva davlat pedagogika universiteti, Boshqirdiston davlat pedagogika universiteti, Boshqirdiston davlat universiteti, Rossiya Yadro tadqiqotlari ilmiy markazi, Norvich (Buyuk Britaniya), Shimkent universitetlari kabi yirik oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilayapmiz. Yaratilgan qulayliklar bu yo‘nalishlardagi imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi.