Talabalar uyi foydalanishga topshirildi
Keyingi yillarda Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini yotoqxona, turarjoy bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Umuman, viloyatda 2022-2025 yillarda oliy o‘quv yurtlari tomonidan, shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik dasturi asosida bir nechta talabalar yotoqxonalari barpo etish ko‘zda tutilgan. Ana shu dastur asosida Andijon pedagogika institutida barpo etilgan zamonaviy, zarur shart-sharoitlarga ega, 400 o‘rinli yana bitta zamonaviy talabalar uyi foydalanishga topshirildi.
Andijon pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari, talabalar, quruvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mazkur talabalar uyining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda talaba yoshlarning puxta bilim olishi, yashashi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoit yaratib berilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Yangi barpo etilgan turarjoydagi ikki va to‘rt kishilik xonalarda talabalarning yashashi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Xususan, talabalar uyining har bir qavatida dam olish xonasi, oshxona hamda kir yuvish va quritish uchun xonalar bo‘lib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, birinchi qavatda ota-onalar uchun mehmonxona ham tashkil etildi.
Yangi barpo etilgan talabalar uyiga viloyat hokimi tomonidan bir necha turdagi maishiy texnika vositalari sovg‘a qilindi.
[gallery-13862]
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA